Islom sivilizatsiyasi markazida Ka’badan keltirilgan muqaddas yodgorliklar va qo‘lyozmalar ko‘rgazmasi ochildi

Islom sivilizatsiyasi markazidagi ko‘rgazma. ITSM fotosurati

O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazida birinchi «Tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat yo‘li» xalqaro forumi doirasida «Islom nuri durdonalari» nomli xalqaro ko‘rgazma ochildi. Bu haqda Islom sivilizatsiyasi markazi matbuot xizmati xabar qildi.

Ekspozitsiya Qur’on zaliga joylashtirilgan. Unda musulmonlarning muqaddas kitobi — Qur’oni karimning qadimiy qo‘lyozma nusxalari, xattotlik va miniatyura asarlari, amaliy bezak san’ati namunalari, shuningdek, madaniy meros yodgorliklari o‘rin olgan. Ko‘rgazmadan Ka’baning eshik qismi kisvasi va uning atrofida XIX – XX asrlarga tegishla bo‘lgan, “Alloh” va “Muhammad” yozuvli panno, Ka’ba kisvasidan olingan kalligrafik panel-“Hizam” va Ka’bapo‘sh (Kisva) lar joy olgan. Bu o‘z navbatida Qur’on zali ahamiyati va ulug‘vorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Ko‘rgazmada shuningdek, 1900 yilda tayyorlangan, payg‘ambar alayhissalom qabrlaridan olingan yashil ipakdan tayyorlangan katta maqbara yopqichi, “Maqomi Ibrohim”, XIX asrga oid “Mahmil” namoyish etildi.

Ko‘rgazma uchun eksponatlarning bir qismini Jidda shahridagi Islom san’ati muzeyi taqdim etdi. Saudiya Arabistonidan Toshkentga noyob qo‘lyozmalar, kitoblar, xattotlik asarlari hamda madaniy meros namunalari olib kelindi. Ular orasida XII asr Saljuqiylar davriga oid qo‘lyozma Qur’on varag‘i, kufiy va suls xatida bitilgan Qur’on parchalari, XVII asrga mansub qo‘lyozma Qur’on nusxalari, Katta Langar Qur’onining faksimile nashri, shuningdek, Makkadagi Masjidul Harom to‘sig‘ining misdan yasalgan bir qismi ham o‘rin olgan.

Bundan tashqari, ko‘rgazmada duo to‘plamlari, g‘ubor xatida bitilgan xattotlik asari, Buyuk Mo‘g‘ullar davriga oid qulf va kalit, zargarlik san’ati namunalari, miniatyuralar hamda kulolchilik buyumlari namoyish etilmoqda.

Qur’on zali kirish qismida Usmoniy mus'hafining O‘zbekistonga qaytarilishi tarixi va uning O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markaziga joylashtirilishiga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma ham ochildi.

Ochilish marosimida O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasining Din va ma’rifat masalalari departamenti rahbari Muzaffar Kamilov hamda O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov so‘zga chiqdi.

“Taqdimotda guvohi bo‘lganimiz va bu yerda jam bo‘lgan ushbu sermazmun, juda katta bir ko‘rgazmaning ham mazmun-mohiyati islom tinchlik, ma’rifat dini va bu bugun insoniyat uchun juda muhim ekanligini, albatta, shu orqali yosh avlodni tarbiyalashda islom ma’rifati eng to‘g‘ri yo‘l ekanligini ko‘rsatib berishdir”, – dedi Kamilov.

“Mamlakatimizning uzoq ilmiy-tarixiy davrida xalqimizning intellektual salohiyati tufayli yaratilgan nodir madaniy meros namunalari turli sabablar bilan yurtimizdan olib chiqib ketilgan. Faqat yangi O‘zbekiston davrida, hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari va doimiy e’tiborlari bilan milliy g‘ururimiz timsoli bo‘lgan buyuk merosimiz namunalari vatanimizga qayta boshladi” – dedi Markaz direktori.

ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurildi. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etildi. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Bu yerda Qur’on zali, 460 o‘rinli anjumanlar zali va muzey mavjud bo‘lib, ko‘rgazmalar O‘zbekistonning islomgacha bo‘lgan davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan butun tarixini qamrab oladi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.