Musulmonlar Jahon ligasi Bosh kotibi O‘zbekistonni islom sivilizatsiyasi tarixining eng yorug‘ sahifalaridan biri deb atadi

Muhammad bin Abdulkarim al-Issa. ITSM fotosurati

Musulmonlar Jahon ligasi Bosh kotibi Muhammad bin Abdulkarim al-Issa O‘zbekistonni islom sivilizatsiyasi, ilm-fan va ma’rifatning eng muhim markazlaridan biri deb atadi. Bu haqda u Tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat g‘oyalariga bag‘ishlangan I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumida so‘zlagan nutqida ma’lum qildi, deya xabar beradi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi matbuot xizmati.

Tadbirda 40 dan ortiq mamlakatdan 300 ga yaqin olim, siyosat, madaniyat va din arboblari ishtirok etdi.

«O‘zbekiston — islom sivilizatsiyasi tarixidagi eng yorqin sahifalardan biridir. Samarqand, Buxoro, Registon hamda Imom al-Buxoriy maqbarasi kabi tarixiy yodgorliklar bu zamin ilm-fan va ma’naviy taraqqiyotning eng yirik markazlaridan biri bo‘lganini tasdiqlaydi», — dedi al-Issa.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning islomiy merosi butun musulmon olamida keng tanilgan va e’tirof etilgan. U, ayniqsa, Samarqandning islom me’morchiligi taraqqiyotidagi o‘rnini hamda Buxoroning muhaddis va islomshunos olim Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy nomi bilan bog‘liq bo‘lgan islom olamining eng yirik ilmiy markazlaridan biri sifatidagi ahamiyatini alohida ta’kidladi.

Musulmonlar Jahlon ligasi Bosh kotibi islom sivilizatsiyasi ilm-fan, ma’rifat va yuksak axloqiy qadriyatlar asosida shakllanganini qayd etdi. Uning fikricha, bugungi kunda nafaqat o‘tmish xotirasini asrab-avaylash, balki ta’lim va ilmiy faoliyat orqali islom sivilizatsiyasining ruhini qayta tiklash ham zarur.

Al-Issa O‘zbekiston hukumatining islomiy, ilmiy va madaniy merosni saqlash, o‘rganish hamda keng targ‘ib qilish borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadi. Xususan, u Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqanddagi Imom al-Buxoriy yodgorlik majmuasining ochilishini muhim voqealar sifatida qayd etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy va Imom al-Moturidiy merosini o‘rganuvchi ilmiy muassasalar faoliyati butun islom olami uchun katta ahamiyatga ega.

«Bizning mas’uliyatimiz faqat o‘tmish bilan faxrlanishdan iborat emas. Balki ilm va amal orqali, yuksak islomiy qadriyatlarga tayangan holda, sivilizatsiya ruhini bugungi hayotimizda qayta jonlantirishdir», — dedi al-Issa.

ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurildi. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etildi. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Bu yerda Qur’on zali, 460 o‘rinli anjumanlar zali va muzey mavjud bo‘lib, ko‘rgazmalar O‘zbekistonning islomgacha bo‘lgan davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan butun tarixini qamrab oladi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.