O‘zbekistonda o‘tayotgan I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi ishtirokchilari musulmonlar sivilizatsion merosini saqlash, o‘rganish va ommalashtirish to‘g‘risidagi deklaratsiyani qabul qildi. Bu haqda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi (ITSM) matbuot xizmati xabar berdi.
Hujjatda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga 2017 yilda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surgan tashabbusi uchun minnatdorlik bildirilgan. Ushbu tashabbusning amaliy davomi sifatida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining tashkil etilishi va birinchi xalqaro forumning o‘tkazilishi qayd etilgan.
Deklaratsiya mualliflari musulmonlarning jahon ilm-fani, ta’lim, san’at, me’morchilik va ma’naviy tafakkur rivojiga qo‘shgan hissasini alohida ta’kidladilar. Hujjatda, shuningdek, jaholat, ekstremizm, ksenofobiya, islomofobiya hamda islom merosi haqidagi buzib ko‘rsatilgan tasavvurlarga qarshi kurashish zarurligi qayd etilgan.
Forumning asosiy tashabbusi sifatida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi huzurida Islom sivilizatsiyasi Butunjahon forumini tashkil etishni taklif qilindi. Ushbu platforma xalqaro tashkilotlar, olimlar, ilmiy muassasalar, muzeylar, kutubxonalar, arxivlar, qo‘lyozmalar markazlari, tadqiqot institutlari va boshqa tegishli tuzilmalarni birlashtiradi.
Taklif etilayotgan Butunjahon forum yoki alyans uzoq muddatli xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma ilmiy, ta’limiy, madaniy, muzey va raqamli loyihalarni amalga oshirish, bilim va ilg‘or tajribalar almashinuvini yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.
Boshqa tashabbuslar qatorida musulmon madaniy merosining Butunjahon raqamli reyestrini yaratish taklifi ham ilgari surildi. Unda qo‘lyozmalar, arxiv materiallari, muzey kolleksiyalari, me’moriy yodgorliklar, nomoddiy madaniy meros obyektlari hamda ilmiy tadqiqotlar natijalari jamlanishi ko‘zda tutilgan.
Forum ishtirokchilari, shuningdek, «Islom sivilizatsiyasi — butun insoniyat merosi» xalqaro dasturini amalga oshirishni taklif qilishdi. Dastur xalqaro ko‘rgazmalar, ta’lim loyihalari, ilmiy konferensiyalar, nashriyot tashabbuslari va madaniy tadbirlarni qamrab oladi.
Bundan tashqari, deklaratsiyada madaniy merosni ommalashtirishga qaratilgan qator loyihalar nazarda tutilgan. Ular qatoriga Islom sivilizatsiyasining global raqamli kutubxonasini yaratish, Islom sivilizatsiyasi bo‘yicha ko‘p jildli xalqaro ensiklopediyani tayyorlash, musulmonlar merosining holati haqida har yillik ma’ruza e’lon qilish hamda xalqaro yoshlar forumini tashkil etish kiradi.
Shuningdek, Islom madaniyati, san’ati va sivilizatsiyasi muzeylarining xalqaro ittifoqini tashkil etish taklifi ham ilgari surildi. U turli mamlakatlardagi muzeylar, galereyalar va ixtisoslashgan muassasalarni qo‘shma ko‘rgazmalar, restavratsiya, ta’lim, ilmiy tadqiqot va raqamli loyihalarni amalga oshirish maqsadida birlashtirishi kerak.
Forum doirasida saylangan Xalqaro forum kengashi doimiy muvofiqlashtiruvchi organ sifatida faoliyat yuritadi. Unga forum ishtirokchilari tomonidan bildirilgan tashabbus va takliflarni umumlashtirish, ular asosida 2030 yilgacha bo‘lgan qo‘shma harakatlar bo‘yicha xalqaro “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va tasdiqlash vazifasi yuklatiladi.
Yakunda forum ishtirokchilari davlatlar, xalqaro tashkilotlar, oliy ta’lim muassasalari, muzeylar, kutubxonalar va jamoat birlashmalarini taklif etilgan tashabbuslarni «tinchlik, o‘zaro hurmat, ma’rifat va islom sivilizatsiyasining beqiyos boy merosini asrab-avaylash yo‘lida» birgalikda amalga oshirish uchun sa’y-harakatlarini birlashtirishga chaqirdi.
ℹ️ «Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat yo‘li» mavzusidagi xalqaro forum 2026 yil 7–11 iyul kunlari Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida o‘tkazilmoqda. Tadbirda 40 dan ortiq mamlakatdan kelgan 300 ga yaqin xorijiy mehmon, olimlar, ilohiyotshunoslar va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etmoqda.
ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurildi. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etildi. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Bu yerda Qur’on zali, 460 o‘rinli anjumanlar zali va muzey mavjud bo‘lib, ko‘rgazmalar O‘zbekistonning islomgacha bo‘lgan davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan butun tarixini qamrab oladi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.



