Gonkongda O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi taqdimoti o‘tkazildi

Firdavs Abduholiqov va Luis Ng. ITSM matbuot markazi fotosurati

20 iyul kuni Gonkong saroy muzeyida O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Markaz matbuot xizmati xabar berishicha, muassasalar o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.

Hujjatni Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduholiqov va Gonkong saroy muzeyi rahbari doktor Luis Ng Chi-va imzoladi.

Kelishuvda qo‘shma ko‘rgazmalar va ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, muzeyshunoslik sohasida hamkorlik qilish, madaniy merosni saqlash va qayta tiklash, mutaxassislar tayyorlash hamda kasbiy tajriba almashish ko‘zda tutilgan.

Abduholiqov mazkur hamkorlik O‘zbekistonning tarixiy va madaniy merosini zamonaviy muzey hamda raqamli texnologiyalardan foydalangan holda xalqaro auditoriyaga namoyish etish imkonini berishini ta’kidladi.

« Gonkong saroy muzeyi bilan imzolangan memorandum ikki muassasa o‘rtasida uzoq muddatli sheriklik uchun mustahkam huquqiy asos yaratadi hamda qo‘shma ko‘rgazmalar, ilmiy loyihalar va madaniy almashinuv dasturlarini amalga oshirish imkonini kengaytiradi», — dedi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori.

Luis Ng bir necha oy avval O‘zbekistonga tashrif buyurgani va Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati bilan tanishganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda madaniy merosni saqlash va uni namoyish etishda qo‘llanilayotgan usullar unda katta taassurot qoldirgan.

Tadbirdan so‘ng muassasalar rahbarlari ko‘rgazmalar tashkil etish, tadqiqotlar o‘tkazish, restavratsiya sohasida tajriba almashish va muzey mutaxassislarini tayyorlash dasturlarini muhokama qildilar. O‘zbekiston delegatsiyasi Gonkong muzeyining ekspozitsiyalari, fondlarni boshqarish tizimi va restavratsiya bo‘limlari faoliyati bilan tanishdi.

Taqdimot davomida Abduholiqov Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalari konsepsiyasi, Buyuk ipak yo‘lining ahamiyati hamda hozirgi O‘zbekiston hududida yashab ijod qilgan olim va mutafakkirlar merosi haqida so‘zlab berdi. Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi direktori Farhod Maqsudov O‘zbekiston va Xitoy arxeologlarining qo‘shma tadqiqotlari natijalarini taqdim etdi. Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy kotibi Rustam Jabborov Alisher Navoiy ijodidagi xitoy motivlari haqida ma’ruza qildi.

Tadbirda Gonkong Savdo va iqtisodiy rivojlanish byurosining «Bir makon — bir yo‘l» tashabbusi bo‘yicha komissari Nikolas Xo, O‘zbekistonning Xitoydagi elchisi Farhod Arziyev, shuningdek, ilmiy va madaniy muassasalar vakillari ishtirok etdi. Markaz muzeyga «Dunyo to‘plamlarida O‘zbekiston madaniy merosi» turkumidagi kitob-albomlarni taqdim qildi.

ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurildi. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etildi. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Bu yerda Qur’on zali, 460 o‘rinli anjumanlar zali va muzey mavjud bo‘lib, ko‘rgazmalar O‘zbekistonning islomgacha bo‘lgan davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan butun tarixini qamrab oladi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.