O‘zbekiston islom merosini yagona raqamli tizimga birlashtirishni taklif qildi

Forum. ITSM fotosurati

O‘zbekiston Butunjahon islom sivilizatsiyasi alyansini tashkil etish, qo‘lyozmalarning global raqamli reyestrini yaratish va musulmon merosini tadqiq qilish bo‘yicha xalqaro jamg‘arma tuzishni taklif qildi. Bu haqda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur tashabbus iyul oyida Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida bo‘lib o‘tgan Islom sivilizatsiyasi bo‘yicha birinchi xalqaro «Tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat yo‘li» forumi yakunlari asosida ilgari surildi.

Reyestrga qo‘lyozmalar, arxiv hujjatlari, muzey kolleksiyalari, me’moriy yodgorliklar, arxeologik obyektlar, nomoddiy meros elementlari hamda ilmiy tadqiqotlar natijalarini kiritish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, global raqamli kutubxona va islom sivilizatsiyasi bo‘yicha ko‘p jildli xalqaro ensiklopediya yaratish, tadqiqot jamg‘armasi va xalqaro mukofot ta’sis etish, «Islom sivilizatsiyasi — butun insoniyat merosi» dasturini ishga tushirish hamda islom madaniyati, san’ati va sivilizatsiyasi muzeylarining xalqaro ittifoqini shakllantirish taklif qilindi.

ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurildi. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etildi. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Bu yerda Qur’on zali, 460 o‘rinli anjumanlar zali va muzey mavjud bo‘lib, ko‘rgazmalar O‘zbekistonning islomgacha bo‘lgan davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan butun tarixini qamrab oladi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.