Moskvada «tojik Pelesi» Valeriy Tursunov vafot etdi

Valeriy Tursunov. TFF fotosurati

Dushanbedagi «Pomir» jamoasining afsonaviy hujumchisi, SSSR sport ustasi va Tojikistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy Valeriy Tursunov Moskva shahrida 72 yoshida vafot etdi. Uning vafoti haqida 2 avgust kuni Tojikiston futbol federatsiyasi ma’lum qildi.

«Valeriy Yuldashevich tojik futboli rivojiga katta hissa qo‘shdi va muxlislar, hamkasblar hamda shogirdlar xotirasida abadiy qoladi», — deyiladi federatsiya xabarida. Tojikiston futbol federatsiyasi prezidenti Rustam Emomali Tursunovning yaqinlari va oila a’zolariga ta’ziya bildirdi.

Tursunov 1954 yil 23 avgustda Ko‘lob shahrida tug‘ilgan. U SSSR chempionatidagi butun faoliyatini «Pomir» jamoasida o‘tkazgan. 1974 yildan 1988 yilgacha hujumchi Dushanbe klubi safida 542 ta o‘yin o‘tkazib, 173 ta gol urgan va jamoa rekordchisiga aylangan. Vatanida uni «tojik Pelesi» deb atashgan.

Tursunovning o‘zi bu nomga bosiqlik bilan munosabat bildirgan. U intervyularidan birida Pele jahon miqyosidagi afsona ekanini, o‘zi esa deyarli butun faoliyatini bir klubda o‘tkazganini ta’kidlagan. Shu bilan birga, hujumchi yillar davomida «Pomir» uchun urgan gollaridan ham ko‘proq golli uzatmalar amalga oshirganini hisoblagan.

1988 yili Tursunov «Pomir»ga birinchi ligada g‘olib chiqish va SSSR chempionatining oliy divizioniga ilk bor yo‘llanma olishda yordam bergan. Dushanbedagi ko‘p yillik faoliyati yakunlanganidan so‘ng u Avstriyada qisqa muddat Klagenfurtning «Austriya» va «Klopaynerzeye» jamoalari safida to‘p surgan, keyin esa murabbiylik va ma’muriy ishlarga qaytgan.

1996–2013 yillar oralig‘ida u tanaffuslar bilan Tojikiston futbol federatsiyasi vitse-prezidenti lavozimida faoliyat yuritgan.

Tursunovga bir necha bor nufuzliroq klublardan takliflar tushgan, jumladan Olmaotaning «Qayrat», Moskva SSKAsi, Odessa «Chernomores»i va Toshkentning «Paxtakor» jamoalari unga qiziqish bildirgan. U faoliyatidagi eng esda qolarli o‘yinlardan biri sifatida 1977 yili «Lujniki» stadionida «Spartak»ka qarshi o‘tkazilgan uchrashuvni tilga olgan. O‘sha bahsda u ikki marta gol urgan.

Futbolchining tarjimayi holida 1979 yili «Paxtakor»ga o‘tmay qolgani bilan bog‘liq voqea alohida o‘rin tutadi. Toshkentliklar safida o‘ynagan Vladimir Makarov bilan suhbatdan so‘ng Tursunov yig‘inlarga borishga rozi bo‘lgan, chaqiruv telegrammasini olgan, chipta sotib olgan va buyumlarini tayyorlagan. Biroq aeroportga ketayotgan yo‘lda kutilmaganda fikridan qaytib, uyiga qaytgan.

O‘shanda «Paxtakor»ning asosiy tarkibi Dneprodzerjinsk ustidagi aviahalokatda halok bo‘lgandi.

«Demak, Yaratgan meni o‘limdan asrab qolgan ekan. O‘sha ishlatilmagan chiptani uzoq vaqt saqlab yurdim», — deb eslagan Tursunov.

Valeriy Tursunovning vafoti Tojikiston futbolida 2025 yil oxirida boshlangan og‘ir yo‘qotishlar zanjirini davom ettirdi. Birin-ketin futbol afsonalari Sharif Nazarov, Muxsin Muhammadiyev va Vladimir Gulyamxaydarov hayotdan ko‘z yumdi.