Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) Tojikiston hukumatiga 63 million yevro miqdorida kredit va grantlar ajratadi. Mablag‘lar Xatlon viloyatidagi yo‘llarni ta’mirlash va suv ta’minoti tizimini modernizatsiya qilishga yo‘naltiriladi. Bu haqda xalqaro moliya tashkilotining saytida xabar berilgan.
Tegishli bitimlarni Tojikiston Moliya vaziri Fayziddin Qahhorzoda va YETTB vitse-prezidenti Matteo Patrone imzolagan.
Birinchi loyiha doirasida bank respublika hukumatiga 49,2 million yevro miqdorida davlat krediti ajratadi. Ushbu mablag‘lar hisobidan uzunligi 56 kilometr bo‘lgan Baljuvon — Sari-Xosor avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Bu jami olti mingga yaqin kishi istiqomat qiladigan 19 ta aholi punkti o‘rtasida yil davomida uzluksiz transport qatnovini ta’minlashga yordam beradi.
YETTB ma’lum qilishicha, mavsumiy suv toshqinlari tufayli qish va bahor oylarida yo‘ldan o‘tish imkonsiz bo‘lib qoladi. Bu, jumladan, savdo sohasida jiddiy muammolarni keltirib chiqaradi. Shu bilan birga, Tojikiston hukumati tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha bir qator choralarni ko‘rish va daryolar qirg‘oqlarini himoya qilishni kuchaytirish orqali mahalliy ekotizim barqarorligini oshirishni maqsad qilgan.
Loyiha uchun 4,2 million yevro miqdorida grant ajratiladi. Ushbu mablag‘lar yo‘l qoplamasini ta’mirlashga qo‘shimcha sarmoya kiritishdan tortib, yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha maslahat xizmatlarini moliyalashtirishgacha bo‘lgan turli maqsadlarga sarflanadi.
Bundan tashqari, YETTB Ko‘lob shahrida suv ta’minoti va oqova suv tizimini rivojlantirish loyihasini yakunlash uchun 6,2 million yevro miqdorida davlat krediti ajratadi. Ishlar tugallanganidan so‘ng 100 mingdan ortiq aholi toza suvdan uzluksiz foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishi kutilmoqda. Bu, o‘z navbatida, har yili millionlab kub metr suv resurslarini tejash imkonini beradi.
Mablag‘lar suv ta’minoti va kanalizatsiya tarmoqlarini, jumladan, suv quvurlari, suv olish inshootlari va nasos stansiyalarini modernizatsiya qilishga yo‘naltiriladi. Shuningdek, shahar oqova suvlarini tozalash inshootini ta’mirlash va suv hisoblagichlarini xarid qilish uchun ham mablag‘ ajratiladi. Ushbu loyiha doirasida 3,4 million yevrogacha qo‘shimcha grantlar ham ko‘zda tutilgan.
Bank ta’kidlashicha, yangi mablag‘lar YETTB va Yevropa Ittifoqi tomonidan respublikaga avval ajratilgan 16,5 million yevro miqdoridagi kredit va grantlarga qo‘shimcha bo‘ladi.
Qayd etilishicha, yangi tashabbuslar YETTB va Tojikiston hukumati o‘rtasida yaqinda imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumi doirasida amalga oshiriladigan dastlabki loyihalar hisoblanadi. Hujjat 2030 yilgacha bo‘lgan hamkorlikni belgilab, moliya institutining investitsiya portfelini mamlakatdagi islohotlar, jumladan, iqtisodiyotning infratuzilma va energetika sohalarida yirik loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘laydi. Umuman olganda, kelgusi besh yilda ushbu yo‘nalishlarga 750 million yevrogacha mablag‘ jalb qilish rejalashtirilgan.
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Tojikistonda 1993 yildan buyon faoliyat yuritadi. Shu davr mobaynida tashkilot respublika iqtisodiyotiga 201 ta loyiha doirasida qariyb 1,1 milliard yevro sarmoya kiritgan. Jumladan, YETTB energetika, transport, suv ta’minoti va kommunal xo‘jalik sohalaridagi tashabbuslarni moliyalashtiradi, shuningdek, mamlakatdagi xususiy biznes va bank sektorini qo‘llab-quvvatlaydi.



