O‘zbekiston hukumati texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan jabrlanganlarga kompensatsiyani baholash va to‘lash tartibini tasdiqladi. Tegishli qaror (606-son) 2026-yil 3-noyabrda imzolangan bo‘lib, 4-noyabrdan kuchga kirdi.
Hujjat jismoniy shaxslarning hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkiga yetkazilgan zararni qoplash mexanizmini belgilaydi. Shuningdek, u texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar (FV) toifasiga kiruvchi hodisalar ro‘yxatini mustahkamlaydi.
Ro‘yxatga transport halokatlari va falokatlari, kimyoviy hamda yong‘in-portlash xavfi bo‘lgan obyektlardagi avariyalar kiritilgan. Bundan tashqari, energetika va kommunal xo‘jaligi tizimlaridagi avariyalar, bino konstruksiyalarining to‘satdan qulashi ham shu ro‘yxatdan joy olgan. Radioaktiv va ekologik xavfli moddalardan foydalanish bilan bog‘liq hodisalar hamda gidrotexnik falokatlar ham mazkur ro‘yxatga kiritildi.
Respublika va transchegaraviy miqyosdagi FV chog‘ida zararni baholash uchun maxsus hukumat komissiyasi ishlaydi. Hududlarda va mahalliy darajada esa hududiy komissiyalar tuziladi. Mahalliy FVlarda sohaviy vazirliklar ekspertlaridan iborat maxsus komissiya tuzilishi mumkin.
To‘lovlarni moliyalashtirish tuman va shahar hokimliklari huzuridagi maxsus jamg‘armalarga yuklatildi. Ushbu jamg‘armalar Qoraqalpog‘iston respublika budjeti, viloyat va shahar budjetlari hamda zaxira jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan shakllantiriladi.
To‘lovlar sud tomonidan aybdor shaxslar aniqlanguniga qadar amalga oshiriladi. Agar aybdor tashkilotlar yoki mansabdor shaxslar zararni o‘z vaqtida qoplay olmasa, pul mablag‘lari jamg‘armadan ajratiladi. Keyinchalik bu mablag‘lar aybdorlardan regress tartibida undirib olinadi.
Jabrlanganlar FV yuz bergan paytdan boshlab 30 kun ichida ariza topshirishlari lozim. Komissiya murojaatni 10 kun ichida ko‘rib chiqadi va mol-mulkni ko‘zdan kechirish dalolatnomasini tuzadi. Jabrlanuvchi hamda baholash tashkiloti ishtirokida zararni baholash uchun yana 10 kun ajratiladi.
Bir martalik moddiy yordam miqdori oqibatlarning og‘irlik darajasiga bog‘liq.
▪️ Halok bo‘lganlarning oilalari bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 500 baravarigacha, ya’ni 220 million so‘m (18 ming dollardan ziyod) oladi. Bu mablag‘ er-xotin, farzandlar, ota-ona va qaramog‘ida bo‘lgan shaxslar o‘rtasida teng taqsimlanadi.
▪️ Og‘ir tan jarohati olgan fuqarolarga BHMning 200 baravarigacha — 88 million so‘m (7,3 ming dollar) to‘lanadi.
▪️ Sog‘lig‘iga o‘rtacha og‘irlikdagi shikast yetkazilganda to‘lov BHMning 150 baravarigacha (66 million so‘m, 5,5 ming dollar), yengil shikast yetkazilganda esa 100 baravarigacha (44 million so‘m, 3,6 ming dollar) bo‘ladi.
Ushbu nizom o‘zboshimchalik bilan yoki davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmasdan qurilgan binolarga nisbatan tatbiq etilmaydi. Yuk ko‘taruvchi konstruksiyalar noqonuniy o‘zgartirilgan holatlar bundan mustasno. Foydali qazilmalarni noqonuniy qazib olish hamda texnik yoki yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilmaslik oqibatida yetkazilgan zararga ham kompensatsiya nazarda tutilmagan. Hujjat zarur bo‘la turib o‘tkazilmagan kapital ta’mirlashni talab etuvchi obyektlarga ham taalluqli emas.
Alohida qayd etilishicha, sug‘urta mavjud bo‘lgan taqdirda zarar, birinchi navbatda, sug‘urta kompaniyasi tomonidan qoplanadi. Jamg‘armalar esa sug‘urta bo‘lmaganda yoki u zararni to‘liq qoplamagan taqdirda jalb etiladi.
Pul to‘lovlaridan tashqari, hujjatda evakuatsiya qilish, qurilish materiallari va dori-darmonlar ajratish nazarda tutilgan. Jabrlanganlar yangi uy qurilishi davrida turar joy ijarasi uchun ham kompensatsiya olishlari mumkin. Elektron onlayn-auksionlar orqali 0,04 gektargacha yer uchastkasini sotib olish imkoniyati ham ko‘zda tutilgan.



