O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Sankt-Peterburgdagi Davlat Ermitaji bilan hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni imzolashni rejalashtirmoqda. Kelishuv birgalikda ilmiy tadqiqotlar olib borish, ko‘rgazmalar tashkil etish va muzey ishini rivojlantirishni nazarda tutadi. Bu haqda Markaz matbuot xizmati ITsM direktorining ilmiy maslahatchisi Tursunali Qo‘ziyevga tayangan holda xabar bermoqda.
Hujjat tayyorlanayotgani haqida Qo‘ziyev 12–13 noyabr kunlari Moskvada bo‘lib o‘tgan «Kelajakni yaratib» III xalqaro simpoziumida so‘zlab berdi. Tadbirda 100 dan ortiq mamlakat vakillari ishtirok etdi. Memorandumni imzolash muddatlari hozircha ochiqlanmagan.
Sharq qo‘lyozmalari, arxiv hujjatlari va boshqa tarixiy manbalarni o‘rganish hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylanadi. Shuningdek, tomonlar arxeologik tadqiqotlar o‘tkazish, raqamli muzey kolleksiyalarini yaratish va multimedia dasturlarini ishlab chiqishni rejalashtirmoqda. Bundan avval Ermitaj mutaxassislari ishtirokida Markaz huzurida restavratsiya bo‘limi hamda ilmiy-tadqiqot laboratoriyasini ochish imkoniyati muhokama qilingan edi.
Qo‘ziyevning ta’kidlashicha, Markaz Rossiya Fanlar akademiyasi Sharq qo‘lyozmalari instituti, Rossiya Milliy kutubxonasi, Qozon federal universiteti, Rossiya musulmonlari diniy idorasi va «Rossiya» milliy markazi bilan hamkorlik qilmoqda. O‘zbekiston tomoni Markaziy Osiyo tarixi, arxeologiya, islomshunoslik va san’at tarixi yo‘nalishlarida rossiyalik mutaxassislar tajribasidan foydalanishdan manfaatdor.
2026 yil oktabr oyida Islom sivilizatsiyasi markazi BRIKS+ ilmiy-texnologik muzeylar alyansiga qo‘shildi. O‘shanda mutaxassislar almashinuvini hamda qo‘shma ilmiy-ma’rifiy loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi 2027–2030 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik «yo‘l xaritasi» ham muhokama qilingan edi.
ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi O‘zbekiston poytaxtida Hazrati Imom (Hastimom) majmuasi yonida barpo etilgan. Bino o‘rta asr me’moriy obidalari uslubida qad ko‘targan bo‘lib, balandligi 34 metrdan iborat to‘rtta peshtoqqa va 65 metrlik markaziy gumbazga ega. Bu yerda Qur’on zali, 550 o‘rinli konferensiya zali hamda ekspozitsiyalari O‘zbekistonning butun tarixini — islomgacha bo‘lgan davrlardan to bugungi kungacha qamrab olgan muzey mavjud. ITsM ajdodlar merosini o‘rganish va uni O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasi, shuningdek, dunyo bo‘ylab ilmiy-ma’rifiy markazlar bilan hamkorlikda zamonaviy idrok etish maydoniga aylanishi lozim.
Mavzuga oid barcha materiallar bilan maxsus syujetda tanishish mumkin: Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi.



