Namangan viloyati hokimligi umumiy qiymati 5,4 mlrd dollar boʻlgan investitsiya takliflari paketini tayyorladi. Bu haqdagi hisobotni tinglagan Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mahalliy mulozimlarga gʻoyalarni aniq loyihalarga aylantirish va ularning amalga oshirilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatishni topshirdi, deb xabar beradi davlat rahbarining matbuot xizmati.
Mazkur hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilishda joriy yil oxirigacha boʻlgan prognozlar taqdim etildi. Jalb etiladigan investitsiyalar hajmi qariyb 5,5 mlrd dollarga, eksport esa 1,2 mlrd dollarga yetishi kutilmoqda.
Kelgusi yilda hudud iqtisodiyotining 9,5 foizga oʻsishini taʼminlash, xorijiy investitsiyalar miqdorini 7-8 mlrd dollarga, mahalliy mahsulotlarni chet elga yetkazib berish hajmini esa 1,3 mlrd dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Bunday natijalarga erishish uchun yirik loyihalarni ishga tushirish zarur. Ularning ayrimlari respublika rahbariga taqdim etildi. Jumladan, Chust tumanida 260 mln dollarlik investitsiya hisobiga toʻqimachilik boʻyoqlari ishlab chiqarish korxonalari, qiymati 150 mln dollar boʻlgan chiqindidan elektr energiyasi olish zavodi ishga tushirilmoqda, shu yerning oʻzida bazaltdan issiqlik izolyatsiyasi materiallari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi — bu loyiha 125 mln dollarga baholanmoqda.
Pop tumanida kumush konsentrati, Yangi Namanganda esa farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatlari yaratiladi.
Umuman olganda, viloyat rahbariyati Yangi Namangan shaharchasiga alohida eʼtibor qaratdi. Xususan, ular bu yerda 50 ming xonadonga moʻljallangan turar joylar, infratuzilma va xizmat koʻrsatish sohasi obyektlari barpo etilishini koʻzda tutuvchi qurilish loyihalarini taqdim etdilar. Bundan tashqari, oʻnlab texnologik kompaniyalar joylashadigan IT-park tashkil etish koʻzda tutilgan.
Qishloq xoʻjaligi sohasi ham koʻrib chiqildi. Prezident 183 ming gektar yer salohiyatidan samarali foydalanish, mahsulotlarni chuqur qayta ishlashni rivojlantirish va agrosanoat kooperatsiyasini mustahkamlash zarurligini taʼkidladi. Chust tumanining Olmos shaharchasida akademiya, innovatsiya markazi, sanoat parki, logistika va agroturizmni birlashtiruvchi dehqonchilik maktabini tashkil etish tashabbusi maʼqullandi.
Namangan viloyati turizm sohasini rivojlantirish boʻyicha ham ulkan salohiyatga ega. Jumladan, 2027 yildayoq yiliga 1,5 mln sayyohni jalb etishga moʻljallangan «Arashan» koʻp tarmoqli majmuasi foydalanishga topshiriladi. Shuningdek, «Qamchiq» togʻ kurortini qurish rejalashtirilgan. Bir qator tumanlarda mehmonlar uchun maxsus hududlar barpo etish, Chustda esa doʻppidoʻzlik, kulolchilik va yogʻoch oʻymakorligi anʼanalari namoyish etiladigan «Hunarmandlar shaharchasi»ni tashkil etish moʻljallanmoqda. Bundan tashqari, tunu kun ishlaydigan koʻchalar soni 35 tadan 50 tagacha oshiriladi.
Davlat rahbari aholi bandligi masalalariga yuqori darajada eʼtibor qaratishni topshirdi. Xususan, qariyb 786 ming nafar yoshlarni chet tillari va talab yuqori boʻlgan kasblarga oʻrgatish, viloyatning 10 ming nafar aholisini Yaponiya va Germaniyada yuqori maoshli ish oʻrinlari bilan taʼminlash, xorijdan vatanga qaytgan fuqarolarga ish topishda koʻmaklashish vazifasi qoʻyildi.
Mirziyoyev mulozimlar saʼy-harakatlarining natijasi odamlar hayotida va ularning farovonligida aks etishi kerakligini taʼkidladi. Shu sababli u Namangan viloyati rahbariyati oldiga viloyat boʻyicha oʻrtacha daromadni 9,6 mln soʻmga ($800) yetkazish maqsadini qoʻydi.



