AQSH va Tojikiston sogʻliqni saqlash sohasida 78 mln dollarlik dasturni taqdim etdi

Shartnomaning imzolanishi. navonews.tj saytidan olingan surat

Dushanbeda Tojikiston va AQSHning sogʻliqni saqlash sohasidagi besh yillik hamkorlik dasturi taqdim etildi. Moliyalashtirishning umumiy hajmi 78 mln dollarni tashkil etadi, deb xabar beradi Navo agentligi AQSHning respublikadagi elchixonasiga tayangan holda.

Umumiy mablagʻdan 38 mln dollarini Qoʻshma Shtatlar ajratadi, yana 40 mln dollarni Tojikiston hukumati ajratish majburiyatini oldi. Mablagʻlar OIV, sil va boshqa yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish, laboratoriya diagnostikasini rivojlantirish hamda epidemiologik nazorat tizimini mustahkamlashga yoʻnaltiriladi. Moliyalashtirish 2030 moliyaviy yil oxirigacha moʻljallangan.

Poytaxtdagi «Bogʻi Iram» bogʻida boʻlib oʻtgan taqdimotda AQSH davlat kotibi oʻrinbosari Kristofer Landau va Tojikiston Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari Abduxoliq Amirzoda ishtirok etdi. Mehmonlarga sil kasalligi tashxisi uchun sunʼiy intellekt qoʻllangan mobil rentgen apparatlari bilan jihozlangan tibbiyot punktlari ishi hamda OIVni ekspress-testdan oʻtkazish tizimlari namoyish etildi.

Amirzoda respublika sogʻliqni saqlash tizimini qoʻllab-quvvatlagani uchun Amerika tomoniga minnatdorlik bildirdi. Uning soʻzlariga koʻra, qoʻshma loyihalar tibbiy yordam sifati va ommabopligini oshirish, kasalliklar profilaktikasini hamda mamlakatning yangi epidemiologik xavf-xatarlarga shayligini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Tegishli memorandum 2026 yil 6 aprelda imzolangan edi. Bu Donald Tramp maʼmuriyatining «Avvalo Amerika» global strategiyasi doirasida Janubiy va Markaziy Osiyoda imzolangan shu turdagi ilk kelishuv boʻldi.

AQSH uzoq yillar davomida Tojikistonning yirik donorlaridan biri boʻlib kelgan. 2024 moliyaviy yilida respublika AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) orqali 58,5 mln dollar olgan. Biroq Tramp 2025 yil yanvarida Oq uyga qaytganidan keyin Vashington xorijiy dasturlarni moliyalashtirishni toʻxtatdi, bu Markaziy Osiyoga ham taʼsir qildi. Avvalroq «Fargʻona» yozganidek, Amerika yordamining qisqarishi eng koʻp Tojikiston va Qirgʻizistonga, jumladan, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash sohasida faoliyat yurituvchi tashkilotlarga jiddiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.