Toliblar hukumati Afg‘oniston shimolidagi Qo‘shtepa kanalining ikkinchi bosqichi 99 foizga tayyorligini va Amudaryo suvi unga «juda tez orada» kiritilishini ma’lum qildi. Afghanistan International xabariga ko‘ra, 25 noyabr kuni toliblarga aloqador Hurriyat radiosi Milliy taraqqiyot korporatsiyasiga tayangan holda ushbu ma’lumotni tarqatgan.
Korporatsiya ma’lumotlariga ko‘ra, bosh suv olish inshooti qurilishi yakunlanish arafasida. Qolgan ishlar bitgach, daryo suvini kanalga yo‘naltirish mo‘ljallanmoqda. Ishga tushirishning aniq sanasi ma’lum qilinmagan.
Ushbu bayonot Amudaryo oqimidan foydalanish borasida O‘zbekiston bilan kelib chiqqan kelishmovchiliklar manzarasida yangradi. Nashrning eslatishicha, bir necha kun oldin O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev suv olish faqat loyiha to‘liq yakunlanganidan va tomonlar hajmlarni kelishib olganidan so‘ng mumkinligini aytgan edi. Uning baholashicha, keng ko‘lamli suv olish jarayoni 2050 yilgacha kechikishi mumkin.
Hamroyev, shuningdek, har yili 4 milliard kub metrdan ortiq suv olinishi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligiga jiddiy xavf tug‘dirishidan ogohlantirdi. Afghanistan International ma’lumotlariga qaraganda, toliblar suv mo‘l bo‘lgan yillarda qariyb 10 milliard, suv kam bo‘lgan yillarda esa 6 milliard kub metr suv olishni rejalashtirmoqda.
Uzunligi qariyb 285 kilometr bo‘lgan Qo‘shtepa kanali Afg‘onistonning shimoliy Balx, Juzjon va Faryob viloyatlaridagi ekin maydonlarini sug‘orishga mo‘ljallangan. Uning qurilishi toliblar davrida, 2022 yilda boshlangan. Uzunligi 108 kilometrlik birinchi bosqich 2023 yil oktyabrida yakunlangan edi.



