Bozorga keng nazar

Anzor Buxarskiy bilan Farg‘ona vodiysi bo‘ylab fototur

O‘zbekistonning ma’lum bir hududida ko‘pchilik qanday yashashini bilmoqchi bo‘lsangiz, bozoriga borishingiz kerak. U sizga hamma narsani aniq ko‘rsatib va ko‘p narsalarni so‘zsiz tushuntirib beradi. Bunga 2025 yil sentyabr oyida Anzor Buxorskiy bilan Farg‘ona vodiysining kichik shaharchalari bo‘ylab suratkashlik sayohatiga chiqqanimda nihoyat amin bo‘lgandim.

Farg‘ona nonlari. Andrey Kudryashov fotosurati/ «Farg‘ona»

Anzor Buxarskiy O‘zbekistonda etnografik, janr va ko‘cha fotosuratlari bo‘yicha xalqaro mahorat maktabi seminarlarini tashkil etadi. Baland tog‘li Gelan qishlog‘iga qo‘shma ekspeditsiyadan so‘ng u meni Farg‘ona vodiysi bo‘ylab ekspress fotosayohatga hamrohlik qilishga taklif qildi. Bizga rossiyalik janrli fotograflar Oleg Gevorkov (Moskva) va Ruslana Kormilchikova (Novosibirsk) qo‘shildi.

Biz ushbu ijodiy ekspeditsiyani turistik mavsum boshlanishidan avval o‘z zimmamizga olgandik. Yozning jaziramasi hali ketmagan, o‘rim-yig‘im zo‘rg‘a boshlangan, to‘y va boshqa ma’rakalar qoldirilgan payt edi. Aynan bizga kerak bo‘lgan narsa: shafqatsiz quyosh ostidagi ish kunlari. Har kungi turmush manzarasi. Jurnalistikaga da’vo qilmasdan, jurnalistik hisobotlar, ijtimoiy yoki falsafiy umumlashmalarsiz. Fotokamera bilan sayohat yozuvlari. Tasodifiy o‘tkinchilarning yuzlariga ziyrak qarash va kameraga muhrlash.

O‘zbekiston bo‘ylab sayohatlarning ishqibozlari va faol ishtirokchilari sifatida biz Toshkent avtomobillari karsheringini sinab ko‘rishga qaror qildik. Hamkor do‘stimiz, avvalgi qo‘shma ekspeditsiyalarda mohir haydovchi bo‘lgan Timur No‘monov bu safar band ekan. Biz moliyaviy sabablarga ko‘ra emas, shunchaki taksi yollashni xohlamadik.

Toshkentlik taksi haydovchilarining besh turi bor: DJ, siyosatshunos, diniy voiz, Iqtisodiyot vazirining sobiq o‘rinbosari va narsalarni tushuntirib beruvchi ko‘cha bolasi. Ularning hech biri safar uchun samarali hamroh sifatida mos kelmasdi.

Anzor Toshkentdagi kompaniyadan UzAutoMotors tomonidan ishlab chiqarilgan nisbatan yangi benzinli Chevrolet Cobalt avtomobilini ijaraga olib, bir kunlik ijara uchun 450 ming so‘m (36 dollar) to‘lab, o‘zi mashinani haydashga qaror qildi. Bundan tashqari, 2 million so‘m (160 dollar) depozit. Bu yo‘l chetidagi radarlar bizning mashinamiz yo‘l harakati qoidalarini buzganini aniqlab qolishi mumkin holat uchun.

Dushanba kuni tushga yaqin poytaxt tirbandligidan arang qutulib, A-373 Toshkent-Andijon-O‘sh-Qashg‘ar xalqaro avtomobil yo‘liga chiqdik. Biz «bittasi haydaydi, qolganlari maslahat berib zeriktirmay ketadi» rejimida haydadik. Dengiz sathidan 2268 metr balandlikdagi Qamchiq dovonidan qanday o‘tganimizni zo‘rg‘a payqab qoldik. Biroq, yilning shu davrida u vizual qiziqishni taklif qilmaydi. Kuzning boshida O‘zbekiston tabiatining barcha ranglari qurib ketgayday oppoq, hatto tog‘ landshaftlari ham uyqusirab xira ko‘rinadi.

Kunduzgi soat to‘rtlarda dovondan Farg‘ona vodiysiga — O‘zbekistonning aholisi eng zich joylashgan hududiga tushdik, ayrim joylarda bir kvadrat kilometrga 800 dan ortiq kishi to‘g‘ri keladi. Bu Hindistonga qaraganda zichroq. Ammo bu odamlar dengiziga sho‘ng‘ishdan oldin, men hamkasblarimga bu joylarning asrlar va ming yillar oldin qanday bo‘lganligi haqida xotirani saqlab qolgan toza go‘shasiga to‘xtashni taklif qildim.

Shifobaxsh qumlar

Sirdaryo ustidagi ko‘prikdan o‘tib, janubi-g‘arbiy tomonga burilib, o‘n besh daqiqadan so‘ng, Bo‘ston-Buva qishlog‘i oldida... betakror plyajga duch keldik. Ekin ekiladigan dalalar bilan o‘ralgan, saksovul, tamaris, qandim o‘sgan, to‘q kulrang qumli ikki butunlay yovvoyi, cho‘l qumtepasi. Men «Farg‘ona» o‘quvchilarga butun Farg‘ona viloyatini qamrab olgan bunday relikt qumtepalarning kelib chiqishi haqida batafsil hikoya qilib berganman. Qisqacha to‘xtalib o‘tsam: bular Farg‘ona vodiysining butun markaziy qismini qadimdan to XX asr o‘rtalarigacha egallab turgan Oqqum cho‘lining qoldiqlari bo‘lib, o‘sha paytda u sug‘oriladigan paxtachilikning rivojlanishi va keyinchalik aholining ko‘payashi natijasida siqib chiqarilgan.

Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanidagi qumtepa o‘rta asrlarga oid odatlarning hozirgacha saqlanib qolganligi bilan ajralib turadi. Avgust oyining oxiri va sentyabr oyining boshlarida, quyosh shafqatsizlarcha kuydirmaydigan davrda odamlar bu yerga to‘planadi va butun kun davomida issiq qum hammomlarida cho‘milishadi — teri, suyak, bo‘g‘im va boshqa kasalliklarga shifo topishga umid qiladi. Har yili nafaqat yon-atrofdagi qishloqlardan, balki O‘zbekistonning boshqa, chekka viloyatlaridan ham odamlar davolanish uchun kelishidan kelib chiqadigan bo‘lsak, bu muolajalar kimlargadir yordam bermoqda. Yoki ular shunga ishonishadi. Ular qo‘l va oyoqlarini, ba’zan esa butun tanasini qumga ko‘mib, yurak xurujining oldini olish uchun faqat bosh va ko‘krakni ochiq qoldiradilar. Ular o‘zlarini vaqtinchalik boshpanalar bilan quyosh urishidan himoya qiladilar.

Zamonaviy tibbiyot nuqtayi nazaridan, bu protsedura nafaqat qisqa muddatli, balki uzoq muddatli oqibatlari uchun ham xavflidir. Biroq, Buvayda tumani rasman o‘zining uzoq umr ko‘radigan odamlari bilan mashhur. Masalan, Xuvaydo Umarova shu yerda istiqomat qiladi, 2025 yili rasman 130 yoshga to‘ldi. Rasmiy statistik ma’lumotlarga ko‘ra, mahalliy aholining to‘rt nafari 100 yoshdan oshgan, yana yuzlab odamlar esa 80 yoshdan oshgan. Biroq ularning qum vannalarini qabul qilgani haqida ma’lumot yo‘q.

Farg‘onalik o‘lkashunoslarning fikricha, qumtepaning shifobaxsh xususiyatlari haqidagi afsona qaysidir ma’noda XII asr o‘rta asrlarda yashagan tasavvuf olimi Xo‘ja Boyazidning maqbarasi yaqin joyda joylashgani bilan bog‘liq. U afsonaviy Ahmad Yassaviyning jiyani bo‘lgan. Hammasi bo‘lib Buvayda tumanida taniqli so‘fiy ustozlar nomlari va asarlari bilan bog‘liq o‘nta muqaddas qadamjolar mavjud.

— Qumga ko‘milgandan so‘ng, siz besh kun yuvinmaysiz. Yetti kun davomida sovuq yoki spirtli ichimliklar icholmaysiz, — deya tushuntirdi mahalliy tabib rossiyalik mehmonlarga, ularni hatto qisman bo‘lsada protsedurani boshdan kechirishga bo‘lgan umidini puchga chiqararakan. Ammo quyosh allaqachon botayotgan edi. «Oltin soat»ning vizual afzalliklaridan to‘liq foydalangan holda, fotosuratchilar qolgan tashrif buyuruvchilar bilan birga qumtepani tark etishdi.

Qo‘qonda, birinchi duch kelgan yotoqxonada tunab qoldik. Bu nonushta berilmasdigidan artashqari, arzon va juda yaxshi bo‘lib chiqdi. Qo‘qon xonligining poytaxti bo‘lgan ushbu qadimiy shaharning go‘zalligidan bahramand bo‘lishimizga ikkita amaliy holat to‘sqinlik qildi. Birinchidan, shiddatli va tartibsiz transport harakatlari. Anzor kunduzi mashina haydashdan charchagan, kechqurun esa bu bilan kurashishdan qat’iyan bosh tortgan edi. Piyoda yurish ham noqulay bo‘lib chiqdi — boshqariladigan piyodalar o‘tish joylari juda oz edi va juda tor yo‘laklar, ayniqsa mashinalar bilan to‘lib toshgandi.

Ertalab soat sakkizda biz deyarli bo‘m-bo‘sh bozorda nonushta qilardik va Qo‘qon bizning fotografik tadqiqotlarimiz uchun asosiy bazaga aylanmaydi, degan xulosaga keldik.

—Farg‘ona vodiysi dunyoda aholi eng zich joylashgan hududlardan biri deganding. Lekin men hozircha buni sezmayapman, — deb meni masxara qildi Oleg Gevorkov. Men bahslashmadim va qat’iyat bilan Marg‘ilonga yo‘l oldim.

Bozorlarning bozori

Farg‘ona vodiysidagi aholi zichligini Qo‘qondan Marg‘ilongacha bo‘lgan avtomobil yo‘lining aholi yashamaydigan qismi deyarli yo‘qligidan bilsa bo‘ladi. Bir qishloq tugaydi, ikkinchisi darhol boshlanadi. Bu marshrutning butun 76 kilometrida shunday manzara. Butun yo‘l bo‘ylab jamoat transporti tezligida haydashga majbur bo‘lgan Anzor bu o‘ziga xoslikni keskin til bilan qayta-qayta ta’kidladi. Ammo u biror marta yo‘l qoidalarini buzmadi.

Soatiga 70 kilometr tezlikda haydashning monotonligidan charchamaslik uchun biz yo‘l chetida imkon qadar ko‘proq to‘xtadik va chekib turdik. Misol uchun, biz avtomagistralning kamroq gavjum qismlarida qishloq aholisi o‘rim-yig‘imning birinchi mevalarini quritish uchun — yangi uzilgan makkajo‘xori boshoqlari yoki achchiq kalampirlar to‘shalgan joylarda to‘xtadik. Shaxsan men badiiy suratlarni ololmadim, lekin kundalik qiziqarli tafsilotlarni suratga olishga muvaffaq bo‘ldim.

Qo‘qon — Marg‘ilon yo‘lida. Andrey Kudryashov fotosurati/ «Farg‘ona»

Kunduzgi soat o‘n birlarda Farg‘ona vodiysining eng qadimiy va yirik shaharlaridan biri bo‘lgan Marg‘ilonga yetib keldik. Bu shahar fotograflar uchun jozibador, zero u o‘tmishdagi va ba’zi joylarda hatto undan oldingi asrdagi Osiyo shahrining me’moriy va kundalik qiyofasini saqlab qololgan, shu bilan birga zamonaviy hayotning dinamikasi bilan uyg‘unlashgan.

Sayyohlarga Marg‘ilon Ipak yo‘lidagi eng qadimiy ipak to‘qish markazlaridan biri sifatida tanishtiriladi. Bugungi kunga qadar bu yerda sanoat miqyosida atlas va adras — o‘ziga xos, taniqli naqshli ipak va yarim ipak matolar ishlab chiqarilmoqda. 2017 yildan boshlab ularni ishlab chiqarishning arxaik texnologiyasi YUNESKOning «Insoniyat og‘zaki va nomoddiy madaniy merosi durdonalari ro‘yxati»ga kiritilgan. Biroq, bu yerda ko‘pchilik ishlab chiqarishda ishlamaydi. «Shahar iqtisodiyoti birinchi navbatda yirik kiyim-kechak bozori va oziq-ovqat bozoriga jamlangan. Xususiy sektor juda rivojlangan. Shahar aholisi birinchi navbatda savdo va hunarmandchilik bilan shug‘ullanadi, ko‘pchilik davlat muassasalarida ishlaydi», — deb yozadi Vikipedia Marg‘ilon haqida.

Marg‘ilondagi birinchi bekatimiz zamonaviy plastik profillar va eski, foydalanilgan, ehtimol buzilgan binolardan saqlanib qolgan deraza va eshiklar sotiladigan ko‘cha bo‘ldi. Bu ta’sirli manzara edi.

Marg‘ilon ko‘chalarida. Andrey Kudryashov fotosuoati/ «Farg‘ona»

Mahalliy maktab o‘quvchilari davrasida mazza qilib muzqaymoq yedik. Mahalliy hayotning sezilarli xususiyatini ham payqadik. Marg‘ilon transportida ikki g‘ildirakli transportning o‘rni katta. Mototsikllar emas, balki asosan velosipedlar, shuningdek, mopedlar, motoroller va skuterlar. Buning sababi, Farg‘ona vodiysining markaziy qismining butunlay tekis relefi bilan izohlanadi, bu ikki g‘ildirakli transportni qulay transport va yetkazib berish vositasiga aylantiradi. Mahalliy bozorlarning shovqini va ularni o‘rab turgan tor ko‘chalarda velosiped va skuterlar shovqinli oqimdagi kichik baliq kabi chaqqonlik bilan harakatlanar edi.

Tushda bizni qo‘l bilan sudrab, turli xil plitkalar ishlab chiqaradigan xususiy ustaxonaga taklif qilishdi. Fabrikaning shafqatsiz intererlaridan sahnalashtirilgan kompozitsiya uchun foydalanganimdan xursand bo‘ldim, bu menga vaqt va joyning o‘ziga xos arxetipini eslatdi. Yoki, ehtimol, taqvim bo‘yicha hech qachon kuz kelmaydigan bu quyoshli mintaqadagi hayotimni.

Marg‘ilonda tush payti. Andrey Kudryashov fotosurati/ «Farg‘ona»

–Meni hamma narsa qiziqtirmaydi, lekin odamlarning ochiqligi va do‘stona munosabati hayratlanarli. Men hech qachon bunday narsani boshqa joyda ko‘rmaganman va bo‘lishiga ham ishonchim komil emas, – deb tan oldi Oleg Gevorkov.

Keyin biz ulkan Kombinat bozoriga bordik. Mahalliy ipak fabrikalarida ishlab chiqarilgan matolarni sotadi. Lekin bu hammasi emas. Gilamlar, kiyim-kechak, choyshablar, oziq-ovqat va uy-ro‘zg‘or buyumlari — bularning barchasi g‘alati palitraga aralashib, boshingizni aylantiradi.

Anzor Buxarskiy kunning qolgan qismini bozorda xursandchilik bilan o‘tkazdi. Ammo u butunlay qoniqmadi.

O‘sha kuni kechqurun u menga «Bu bozor emas», dedi. — U yerda megabozor bor, bozorlarning bozori...

Men bu haqda bilaman deb javob berdim.

Ertasi kuni ertalab ijaraga olingan Chevroletni to‘xtash joyiga qoldirib, taksiga o‘tirib, Marg‘ilon chekkasidagi Qo‘shtepa bozoriga yo‘l oldik. Aniqroq aytganda, bozorlarning mahalliy aglomeratsiyasiga. Jumladan: mebel bozori, yog‘och va yog‘och mahsulotlari bozori, «Fayz» kiyim-kechak bozori, idish-tovoq bozori, velosiped va velosiped qismlari bozori, qozon bozori, taxta bozori, dehqonlarning oziq-ovqat bozori va boshqalar...

Borliq tubida

Tan olaman, Farg‘ona vodiysida o‘zimni Toshkentdagidek qulay his qilolmayman. Aytgancha, men hech qachon bozorlarga bormayman, hatto o‘z ehtiyojlarim uchun ham. Men hamma narsani 24 soatlik gipermarketlarda xarid qilishni afzal ko‘raman. Men ham barcha poytaxtliklar qatori Toshkent viloyatidagi G‘arbiy Tyan-Shanning siyrak aholi yashaydigan yaylov yon bag‘irlaridagi g‘amgin manzaralarni suratga olishni ma’qul ko‘raman. Marg‘ilon yaqinidagi mutlaq tekis, dasturxonga o‘xshagan yuzadagi odamlar ummonida meni notanish his va tuyg‘ular to‘lqinlari qamrab oldi. Odamlar aytganidek, men o‘zimning konfort zonamdan tashqariga chiqib ketgandim. Yana shuni ta’kidlashim kerakki, shu qadar ko‘p sahnalarni suratga oldimki, ularning o‘ndan bir qismini ham o‘quvchilarim bilan baham ko‘rishning jismonan iloji yo‘q.

Men hamkasblarimdan ayrildim, fotoapparatimni sumkamga solib, shunchaki choyxonaga o‘tirdim, ertami-kechmi, lekin, ehtimol, tushdan keyin Anzor Buxarskiy va uning hamrohlari shashlikning shirin tutuniga yetib kelishlarini kutdim. Olomon ichida yolg‘izlikdan zavqlanib, o‘zimni borliqning eng tubida tasavvur qilardim. Zamonaviy sivilizatsiyaning tan olingan markazlaridan minglab kilometr uzoqlikda, lekin koinotning o‘zagida. Bu o‘zlikni anglashga o‘xshardi. Va sayohatimizdagi burilish nuqta edi.

Farg‘ona vodiysi bo‘ylab fotosayohatimizda yana ko‘plab qiziqarli lahzalar bo‘ldi. Ertasi kuni Oltiariq tumanidagi Belariq qishlog‘ida qishloq uyi atrofidagi va ichkaridagi keng shaxsiy uzumzorlarga tashrif buyurdik. Buvayda tumaniga qaytib, paxta dalasida terimchilar bilan suhbatlashdik.

Namangan viloyati, G‘urumsaroy qishlog‘iga yetib borganimizdan so‘ng, kuzda suv sathining kamligi tufayli yopilgan Sirdaryo bo‘ylab paromchi va o‘zisuzar paromni suratga oldik.

G‘urumsaroydagi parom. Andrey Kudryashov fotosurati/«Farg‘ona»

Keyin Chust shahriga, an’anaviy Chust pichoqlari bozoriga yo‘l oldik. Anzor u yerda io‘lab turgan temirchilik ustaxonalarini topdi.

Uch yulduzli S-Namangan mehmonxonasida tunab, ertasiga ertalab to‘rt soatda Toshkentga yetib keldik va u yerda deyarli bir soat tirbandlikda turdik. Chevrolet avtomashinasini ijaraga olgan kompaniyaga biroz kechikib qaytarishga muvaffaq bo‘ldik, lekin yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun hech qanday jarima solinmagan ekan.

Bizning qisqa sayohatimiz Farg‘ona vodiysining fotosuratchilarga, ayniqsa, turli fasllarda taqdim etayotgan vizual imkoniyatlarini to‘liq qamrab ololmasdi. Ammo biz kelajakdagi ekspeditsiyalar uchun ataylab o‘nlab ajoyib joylar, ulkan va qiziqarli shaharlarni qoldirdik.

Andrey Kudryashov