O‘zbekiston Yevroosiyo taraqqiyot banki (YETB) aksiyalarini sotib olish uchun 168,4 million dollardan ortiq mablag‘ sarflaydi. Bu haqda prezidentning 16 sentyabrda imzolangan YETBga a’zolar tarkibiga qo‘shilish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorida aytilgan.
Hujjatda qayd etilishicha, YETBning O‘zbekiston uchun ustav kapitali har biri 1000 dollardan nominal qilingan 777 777 ta aksiyani o‘z ichiga oladi. Jami aksiyalar sonidan 168 411 dona (21,7 foiz) to‘liq to‘langan bo‘lsa, qolgan 609 366 dona (78,3 foiz) aksiyalar bank talabiga binoan to‘lanishi lozim.
Aksiyalarni sotib olish uchun mablag‘lar respublika budjetidan ajratiladi: 2025 yili 10 million dollar, keyingi ikki yilda esa har yili 79,2 million dollar miqdorida moliyalashtirish ko‘zda tutilgan. Qolgan mablag‘lar doimiy asosda Davlat budjeti parametrlariga kiritiladi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi YETB ulushini sotib olish bo‘yicha kelishuvni amalga oshirish uchun mas’ul, moliyalashtirish esa Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
ℹ️ Yevroosiyo taraqqiyot banki 2006 yildan buyon Yevroosiyo makonida investitsiya faoliyatini amalga oshirib kelayotgan ko‘p tomonlama bank bo‘lib, 2025 yilga kelib YETB portfeli 16,5 milliard dollarlik 305 ta loyihani o‘z ichiga oladi. Asosiy ulush transport infratuzilmasi, raqamli tizimlar, «yashil» energiya, qishloq xo‘jaligi, sanoat va mashinasozlik sohalaridagi dasturlardan iborat.
Oltita davlat YETB a’zosi: Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston. O‘zbekiston bankka a’zo bo‘lish istagini 2022 yil 25 fevralda ma’lum qilgan va mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2025 yil aprelida tegishli qonunni imzolagan edi.
 
	 
			 
			