O‘zbekiston hukumati nodavlat notijorat tashkilotlarining (NNT) korrupsiyaga qarshi kurashish loyihalari uchun har yili grantlar ajratadi va ijtimoiy ta’minot bo‘yicha umumiy qiymati 10 milliard so‘m (806 ming dollardan ortiq) shartnomalar tuzadi. Bu Prezidentning 19 sentyabr kuni imzolangan «Fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokini yanada kengaytirish va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida ko‘zda tutilgan.
Moliyalashtirish ikki manba hisobidan bo‘ladi:
▪️ Oliy Majlis (parlament) huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan yil davomida tejalgan mablag‘lar;
▪️ Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi reytingiga ko‘ra, korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligi «qoniqarsiz» deb topilgan davlat organlari va tashkilotlarining budjetdan tashqari mablag‘lari.
Moliyalashtirishdan tashqari, yangi nizom notijorat tashkilotlarning rolini kengaytiradi. Ularga O‘zbekiston tomonidan BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi qoidalariga rioya etilishini mustaqil nazorat qilish vazifasi yuklanadi. Bunda nodavlat notijorat tashkilotlari davlat tomonidan boshqariladigan baholash tizimiga muqobil ravishda o‘zlarining baholash tizimidan foydalanadilar.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining talabiga binoan mazkur tashkilotlar sotsiologik tadqiqotlar olib boradi. Ularning vazifasi mayda korrupsiyaga olib keladigan sabablar va shart-sharoitlarni o‘rganish, shuningdek, ushbu hodisaga jamoatchilikning kayfiyati va tasavvurlarini tahlil qilishdir.
Qarorga muvofiq,
O‘zbekistonda yangi mustaqil tahliliy markaz – «Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy tadqiqot markazi» tashkil etiladi.
Uning ta’sischilari NNTlar milliy assotsiatsiyasi, «Yuksalish» harakati, «Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi bo‘ladi. Yangi markaz korrupsiyani, jumladan, mayda korrupsiyani kompleks o‘rganish, uning ko‘lami va tendensiyalarini tahlil qilish, korrupsiya xavfini yumshatish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqish, O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro konvensiyalarga rioya etishi yuzasidan muqobil hisobotlarni tayyorlash kabi vazifalarni bajaradi.
Shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga nodavlat notijorat tashkilotlari uchun o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etish va markazning natijalarini korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha yillik milliy hisobotga kiritish vazifasi ham yuklangan. Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi har yili 1 aprelga qadar nodavlat notijorat tashkilotlari loyihalari va ularni moliyalashtirish dasturlarini tasdiqlaydi.Tashqi ishlar vazirligi va Agentlik zimmasiga markazga xorijiy ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish, taklif etilgan xorijiy ekspertlar uchun viza masalalarini hal etishda yordam berish vazifasi yuklatildi.
ℹ️ Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining 16 sentyabr kuni parlamentga taqdim etgan Milliy hisobotiga ko‘ra, 2024 yili O‘zbekistonda korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar sezilarli darajada oshgani qayd etilgan. Korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun sudlanganlar soni 12,5 foizga oshib, 7354 nafarga yetgan, davlat manfaatlariga yetkazilgan moddiy zarar esa 2,81 trln so‘mni (226,6 million dollar) tashkil etgan, 2023 yildagi ko‘rsatkichlardan ikki baravar ko‘p. Eng ko‘p yo‘qotishlar Andijon (680 milliard so‘m), Toshkent (332 milliard), Namangan (308 milliard) viloyatlariga to‘g‘ri keladi.
Quyidagi jinoyatlar sezilarli darajada oshgan: rastrata yoki o‘zlashtirish yo‘li bilan o‘g‘irlik (+16,8%), firibgarlik (+27,4%) va pora olish (pora olish +31,7%, pora berish +7,6%).
Korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar eng ko‘p Andijon (882 ta), Namangan (877) va Toshkent (697 ta) viloyatlarida qayd etilgan. Bunday jinoyatlar uchun sudlanganlar soni sezilarli darajada oshgani Samarqand viloyati (+73 foiz), Qoraqalpog‘iston (+52 foiz) va Toshkent (+31 foiz) viloyatlarida qayd etilgan.
Sohalar kesimida ta’lim (+38% sudlanganlar) va sog‘liqni saqlash (+14,4%) eng muammoli bo‘lib qolmoqda, bank sektori (-16,1%) va mahalliy hukumat (-57,6%) esa pasayish kuzatilgan.
Hisobotda ta’kidlanishicha, statistik ma’lumotlarning o‘sishi nafaqat huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatining kuchayishi, balki idoralar ichidagi ichki nazorat tizimlarining samarasizligi bilan ham bog‘liq. Avvalroq O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev korrupsiyaga qarshi kurashda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni tanqid qildi va bu shu yilning mart oyida tegishli idoralarning 117 rahbari ishdan bo‘shatilishiga sabab bo‘lgan edi.


