Italiyalik murabbiy, o‘tmishda «Oltin to‘p» sohibi bo‘lgan Fabio Kannavaro futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasini boshqaradi, deya xabar beradi insayder Fabritsio Romano.
Fabio Kannavaro O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida Timur Kapadzening o‘rnini egallaydi.
Championat.Asia xabariga ko‘ra, Kannavaroning shartnomasi 1+4 ko‘rinishida tuzilgan, ya’ni uzoq muddatli kelishuv bo‘yicha qaror milliy terma jamoaning 2026 yili AQSHda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatidagi natijalaridan kelib chiqib qabul qilinadi.
«Farg‘ona» xabariga ko‘ra, qisqa muddatli kelishuv O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi uchun xorijlik murabbiyni izlashda to‘siq bo‘lgan. Avvalroq, germaniyalik Yoaxim Lyov, portugaliyalik Paulu Bentu va xorvatiyalik Slaven Bilichlar O‘zbekiston terma jamoasiga murabbiylik qilish imkoniyatidan voz kechgan edi. Ularning barchasi kelishuv bekor qilinganida ustama to‘lash sharti bilan uzoq muddatli shartnomalar imzolashni xohlashgan. Ko‘rinishidan, Kannavaro futbol olamida O‘FA taklif qilgan shartlarga rozi bo‘lgan yagona taniqli shaxs bo‘ldi. Bu italiyalikning terma jamoa miqyosida nisbatan cheklangan tajribasi bilan bog‘liq bo‘lishi aniq. U bungacha Xitoy terma jamoasini ikki marta boshqargan, ikkalasida ham mag‘lub bo‘lgan, jumladan, O‘zbekistonga 0:1 hisobida yutqazgan.
ℹ️ Fabio Kannavaro — jahon futboli yulduzi. U Italiya terma jamoasi bilan jahon chempionati va 2006 yilgi «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritgan. U top-klublar bilan o‘nlab sovrinlarni qo‘lga kiritgan. Murabbiy sifatida u Xitoy Premer-ligasida «Guanchjou Evergrand» va «Tyanszin» klublarida ishlagan va ikkalasi bilan ham milliy sovrinlarni qo‘lga kiritgan. U Italiyaning «Benevento» va «Udineze» klublari bilan ham ishlagan, ammo katta muvaffaqiyatlarga erisha olmagan. Kannavaroning so‘nggi ish joyi Xorvatiyaning «Dinamo Zagreb» klubi bo‘lgan, u yerda ishlar umuman yaxshi bo‘lmagan. U shu yilning bahorida o‘rtahol «Istra 1961»dan (0:3) shov-shuvli mag‘lubiyatdan so‘ng iste’foga chiqarilgan, «Dinamo» esa yakunda chempionatdan mahrum bo‘lgan.


