2027 yili futbol bo‘yicha U-20 Jahon chempionati ikki davlat — O‘zbekiston va Ozarbayjonda bo‘lib o‘tadi. Bu haqda FIFA rasmiy sayti xabar berdi.
FIFA kengashi Ozarbayjon va O‘zbekistonning qo‘shma arizasini ma’qulladi. Bu tarixda ilk bor erkaklar o‘rtasidagi jahon chempionati turli konfederatsiyalarga kiruvchi ikki davlatda o‘tkaziladi: Ozarbayjon UEFA (Yevropa) va O‘zbekiston OFK (Osiyo). Shuningdek, U-20 Jahon chempionati ilk bor ikki davlatda o‘tkaziladi.
Bu haqdagi qaror FIFA kengashining 2 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida e’lon qilindi. O‘zbekiston va Ozarbayjon qo‘shma arizasini shu yilning iyul oyida taqdim etgan edi. Qizig‘i shundaki, Ozarbayjon avval ham alohida takliflar bergan, biroq ularning arizalari rad etilgan.
Sport eksperti Alisher Nikimbayev ta’kidlashicha, FIFA har bir davlat nechta guruhga mezbonlik qilishi haqidagi savolga hozircha javob berishga tayyor emas. Biroq, turnir formati tufayli, teng taqsimlanish sodir bo‘lmasligi mumkin. «Mening prognozim: to‘rtta guruhni O‘zbekistonga, ikkitasini Ozarbayjonga berishadi», — deb yozadi Nikimbayev.
U-20 Jahon chempionati har ikki yilda bir marta o‘tkaziladi. 2025 yilgi musobaqa Chilida bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston va Ozarbayjon terma jamoalari ishtirok etmaydi. Shu bilan birga, O‘zbekiston U-20 terma jamoasi muntazam ravishda Jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritsa-da, Ozarbayjon terma jamoasi uchun bu birinchi tajriba bo‘ladi.
 
	 
			 
			 
			 
			 
			 
			

