Afg‘onistonning 8am.media nashri xabar berishicha, Tojikiston va Afg‘oniston chegarasida tojik chegarachilari va toliblar* o‘rtasida otishma sodir bo‘lgan. Hozircha ushbu ma’lumot rasmiy tasdiqlanmagan yoki inkor etilmagan.
8am.media xabariga ko‘ra, voqea 25 oktyabr kuni Badaxshon viloyatining Shahri-Buzurg tumaniga qarashli chegaradosh Davong qishlog‘ida sodir bo‘lgan. Janjal Xitoy kompaniyalari ishtirokida oltin qazib olish ishlari olib borilayotgan joyda Amudaryo suvini boshqa yo‘nalishga burish harakatidan kelib chiqqan.
Nashr manbalariga ko‘ra, otishma natijasida qurbonlar bo‘lgan, ammo halok bo‘lganlar va yaralanganlarning aniq soni noma’lum. Hodisadan ko‘p o‘tmay, «Tolibon»* harakati rahbariyati Badaxshonning yangi hokimi Ismoil G‘aznaviy bilan uchrashuv o‘tkazgan, tafsilotlar oshkor qilinmagan.
ℹ️ Shahri-Buzurg tumanida toliblar va tojik harbiylari o‘rtasida ilgari ham to‘qnashuvlar bo‘lgandi. Norasmiy xabarlarga ko‘ra, ulardan biri shu yilning yoz oyi oxirida sodir bo‘lgan. Mojaro 24 avgust kuni Xitoy konchilik kompaniyalari hududda o‘z faoliyatini kengaytirganidan va Amudaryo daryosining bir qismi vayron bo‘lganidan so‘ng boshlangan. Shuningdek, konchilik bilan shug‘ullanayotgan toliblar tojik chegarachilarining qattiq qarshiligiga duch kelgan. Otishma boshlangan, natijada bir «Tolibon» jangari o‘ldirilgan va yana to‘rt kishi yaralangan.
Shundan so‘ng Davongda Afg‘oniston va Tojikiston vakillarining uchrashuvi keskin muhitda o‘tgan. Tomonlar bir-birini qurolli jangarilarga boshpana berish va ularni tayyorlashda ayblagan. Afg‘oniston tomoniga ko‘ra, Tojikiston toliblarga qarshi 350 nafar qurolli askarni tayyorlamoqda. O‘z navbatida, tojik tomoni Afg‘oniston jangarilarga boshpana berayotganini ta’kidlagan.
*Ko‘pgina mamlakatlarda terrorchi sifatida tan olingan va taqiqlangan tashkilot.