Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon 16 iyun kuni amnistiya to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Amnistiya 18 mingdan ortiq kishini qamrab oladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.
Amnistiya Tojikiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan e’lon qilingan bo‘lib, ushbu sana 9 sentyabr kuni nishonlanadi.
Qonunga muvofiq, qamoqxonalar va koloniya-posyolkalardan, shuningdek jamiyatdan ajratmagan holda qo‘llanadigan boshqa jazolardan 11 305 nafar shaxs ozod etiladi. Yana 6 733 nafar mahkumning jazo muddati qisqartiriladi.
Matbuot xizmati qonunda ayollar va voyaga yetmaganlar uchun alohida yengilliklar nazarda tutilganini ta’kidlaydi. 507 nafar mahkuma ayoldan 248 nafari ozodlikka chiqadi, qolganlarining jazo muddati qisqartiriladi. Shuningdek, 134 nafar voyaga yetmagan mahkumdan 99 nafari ozod qilinadi, 35 nafarining jazo muddati kamaytiriladi.
«Amnistiya to‘g‘risida»gi qonun sud, surishtiruv va tergov organlari ish yurituvida bo‘lgan fuqarolarga ham tatbiq etiladi. Mahalliy hokimiyatlar va davlat organlariga ozodlikka chiqqan shaxslarni ro‘yxatdan o‘tkazish, o‘qitish va ish bilan ta’minlashda ko‘maklashish vazifasi yuklatilgan.
Qonun ijrosini ta’minlash uchun ikki oy muddat belgilangan.
So‘nggi marta Tojikistonda amnistiya 2021 yil iyul oyida, mustaqillikning 30 yilligi munosabati bilan e’lon qilingan edi. O‘shanda 25 mingdan ortiq gumonlanuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi va mahkum amnistiyaga tushgan.
Tojikistonda amnistiya odatda muhim davlat bayramlarining yubiley sanalari munosabati bilan e’lon qilinadi. Masalan, 2019 yilda Konstitutsiya qabul qilinganining 25 yilligi munosabati bilan 20 mingdan ortiq mahkum, 2014 yilda Konstitutsiyaning 20 yilligi munosabati bilan 10 ming kishi, 2011 yilda esa davlat mustaqilligining 20 yilligi sharafiga 15 ming nafar Tojikiston fuqarosi afv etilgandi.



