O‘zbekiston va Turkmaniston ayollar o‘rtasidagi futzal bo‘yicha CAFA chempionatida ishtirok etmadi

Futzalchi ayollar. CAFA fotosurati

Ayollar o‘rtasidagi futzal bo‘yicha Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasi (CAFA) chempionatida ishtirok etishi kerak bo‘lgan O‘zbekiston va Turkmaniston terma jamoalari 23–27 iyun kunlari Dushanbe shahrida o‘tayotgan musobaqada qatnashmadi. Bu haqda CAFA matbuot xizmati ma’lum qildi.

Tashkilot ma’lumotiga ko‘ra, Turkmaniston terma jamoasi «kutilmagan holatlar» sababli turnirda ishtirok eta olmaydi. Bayonotda boshqa tafsilotlar keltirilmagan.

«Farg‘ona» nashri ma’lumotiga ko‘ra, turkman jamoasi musobaqada qatnashishdan eng so‘nggi pallada voz kechgan. Shu vaqtga kelib tashkilotchilar ayrim xarajatlarni, jumladan aviachiptalar sotib olish bilan bog‘liq sarf-xarajatlarni amalga oshirib bo‘lgan edi. Shu bois, keyinchalik Turkmaniston tomonidan moliyaviy kompensatsiya masalasi ko‘tarilishi mumkin.

Qayd etilishicha, turkman ayollar futzal terma jamoasi avval ham 2022 va 2023 yillarda o‘tkazilgan dastlabki ikki CAFA ayollar futzal chempionati bahslarida ishtirok etmagan.

O‘zbekiston mazkur musobaqa tarixida birinchi marta ishtirok etmayapti. «Farg‘ona» nashri manbasiga ko‘ra, bunga futbolchi qizlarning katta futbol bo‘yicha mamlakat chempionatida ishtirok etayotgani sabab bo‘lgan. O‘zbekiston ayollar terma jamoasi murabbiylar shtabi o‘yinchilarni futzal jamoasi ixtiyoriga qo‘yib yubormagan. Ochiq manbalarda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi jamoaning qatnashmagani sabablariga rasmiy izoh bermagan.

O‘zbekiston va Turkmaniston musobaqada ishtirok etishdan voz kechganidan so‘ng turnirda uchta jamoa — Tojikiston, Qirg‘iziston va Eron qolgan.

Afg‘oniston ham Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasi (CAFA) a’zosi hisoblanadi. Biroq toliblar hokimiyatga qaytganidan so‘ng mamlakat ayollar futzal chempionatida biror marta ishtirok etmagan. 2021 yildan boshlab Afg‘onistonda tashkil etilgan ayollar sporti amalda to‘xtatilgan: sportchi qizlar mashg‘ulotlar, sport infratuzilmasi va rasmiy musobaqalardan foydalanish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan.

Xalqaro tashkilotlar va inson huquqlari bo‘yicha uyushmalar bu holatni toliblarning ayollarni jamoat hayotidan chetlashtirishga qaratilgan siyosati bilan bog‘laydi. Avvalroq esa Afg‘onistonning ayollar va yoshlar jamoalari CAFA musobaqalarida qatnashgan. Xususan, 2020 yilda mamlakatning 19 yoshgacha bo‘lgan qizlar terma jamoasi CAFA U-19 qizlar o‘rtasidagi futzal chempionatida ishtirok etgan.

Uchrashuvlar Dushanbe Indoor Hall sport majmuasida o‘tkazilmoqda. Chempionatning ochilish o‘yinida Qirg‘iziston va Tojikiston terma jamoalari 1:1 hisobida durang o‘ynadi. 25 iyun kuni Eron — Qirg‘iziston, 27 iyun kuni esa Tojikiston — Eron uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi. Turnir g‘olibi aylanma tizim natijalariga ko‘ra aniqlanadi.

Musobaqaning amaldagi chempioni — Eron ayollar futzal terma jamoasi hisoblanadi.