Qozog‘iston Rossiya gazni qayta ishlash zavodiga qilingan hujumdan so‘ng Qorachig‘anoqda gaz qazib olishni qisqartirdi

kmg.kz sayti fotosurati

Qozog‘istondagi eng yirik gaz-kondensat konlaridan biri — Qorachig‘anoqda — sutkasiga 34 ming tonnadan 25 ming tonnagacha gaz qazib olish qisqartirildi. Bu haqda Еnergetika vaziri Yerlan Akkenjenov ma’lum qildi, deb yozadi Kursiv.kz.

Vazir so‘zlariga ko‘ra, qazib olish hajmining taxminan 9 ming tonna/sutkaga qisqarishi Rossiyada joylashgan Orenburg gazni qayta ishlash zavodi tomonidan gaz qabul qilishning kamayishi bilan bog‘liq. Mazkur zavod infratuzilmasi Ukraina dronlari hujumi oqibatida shikastlangani aytilmoqda.

Akkenjenov ta’kidlashicha, Qozog‘iston ichidagi gaz ta’minoti buzilmagan va barqaror saqlanib qolgan.

«Hozirgi kunda biz gaz yetkazib berish bo‘yicha barcha majburiyatlarimizni to‘liq hajmda bajarmoqdamiz», — dedi u.

QOS Live kanali aniqlashicha, qazib olish hajmining kamayishi jiddiy hisoblanmaydi, chunki u tijorat gazi hajmini qisqartirish hisobiga qoplanmoqda.

Orenburg gazni qayta ishlash zavodi Qozog‘iston uchun muhim ahamiyatga ega: u respublikada iste’mol qilinadigan tovar gazning taxminan 30 foizini qayta ishlaydi.

O‘tgan kuzda Ukraina dronlari hujumi sabab zavod bir oy davomida Qozog‘iston gazini qabul qilishni to‘xtatgan edi. O‘shanda Qozog‘iston Qorachig‘anoqda neft va gaz kondensati qazib olishni 25–30 foizga qisqartirishga majbur bo‘lgandi.

Qorachig‘anoq — Qozog‘istonning g‘arbiy qismida joylashgan yirik neft va gaz kondensati konlaridan biri. U yerda qazib olingan gazning bir qismi qaytadan qatlamga haydaladi, qolgan hajmi esa qayta ishlash uchun Rossiyadagi Orenburg gazni qayta ishlash zavodiga yuboriladi, chunki konning o‘zida qayta ishlash quvvatlari mavjud emas.