Eron poytaxtida mamlakatning sobiq Oliy rahbari oyatulloh Ali Xomanaiy bilan xayrlashuv munosabati bilan keng ko‘lamli motam marosimi bo‘lib o‘tmoqda. Motam tadbirlari o‘tgan dam olish kunlari Tehrondagi «Musalla» masjidida boshlandi. U yerda marhum rahbarning uch nafar o‘g‘li tobutlar ustida ommaviy janoza namozini ado etdi. Dushanba kuni, Eron bayroqlari bilan bezatilgan avtomobillar korteji poytaxtning markaziy ko‘chalari orqali «Mehrobod» xalqaro aeroporti tomon harakatlandi. Yo‘l davomida unga motam tutgan minglab odamlar qo‘shildi.
Davlat dafn marosimi 86 yoshli diniy rahbar va uning oila a’zolari 28 fevral kuni Tehrondagi hukumat majmuasiga AQSH va Isroil tomonidan uyushtirilgan ommaviy havo hujumi oqibatida halok bo‘lganidan to‘rt oydan ortiq vaqt o‘tgach o‘tkazilmoqda.
Marosim xavfsizligi Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining kuchaytirilgan bo‘linmalari tomonidan ta’minlanmoqda. Shu bilan birga, Eronning yangi Oliy rahbari Mujtabo Xomanaiy shaxsiy xavfsizlik sabablariga ko‘ra hozircha jamoatchilik oldida ko‘ringani yo‘q. Hukumat tomonidan tashkil etilgan yurish G‘arbga qarshi shiorlar va qasos olishga chaqiriqlar bilan kuzatilmoqda.
Kutilishicha, Erondagi motam marosimlari va Iroqdagi shialar muqaddas qadamjolari bo‘ylab o‘tish yakunlanganidan so‘ng Ali Xomanaiyning jasadi uning tug‘ilgan shahri Mashhadga olib boriladi. U yerda 9 iyul kuni Imom Rizo maqbarasi hududida so‘nggi dafn marosimi bo‘lib o‘tadi.
«Hokimiyat o‘ldirilgan oliy rahbarning dafn marosimini jahon miqyosidagi voqeaga aylantirish vazifasini, ko‘rinib turibdiki, bajara oldi. Bu haqda barcha yirik jahon OAVlari yozmoqda, ayrimlari esa hatto YouTube orqali jonli efir ham uyushtirdi, — deb yozadi rossiyalik xalqaro jurnalist, sharqshunos va eronshunos Nikita Smagin. — Manzara ta’sirli, voqea esa juda keng ko‘lamli. Amalda bu so‘nggi kunlarning eng asosiy yangiliklaridan biri bo‘lib turibdi, faqat jahon chempionati biroz e’tiborni o‘ziga tortayapti.
Raqamlarga kelsak, ular, albatta, juda bahsli. «14 million ishtirokchi», «tarixdagi eng katta dafn marosimi» kabi iddaolar, shubhasiz, targ‘ibotning bir qismi. Biroq haqiqat shundaki, Tehronda o‘n minglab, ehtimol yuz minglab odamlar ishtirok etdi. Bu esa faqat boshlanishi: keyin Qum, so‘ng Iroq shaharlari, undan keyin esa Mashhad navbati keladi.
Biroq bu yerda odamlar sonidan ko‘ra, safarbarlik salohiyati ko‘proq hayrat uyg‘otadi. Nafaqat odamlarni uyushtirish, balki ko‘plab plakat va bayroqlar tayyorlash, murakkab logistikani yo‘lga qo‘yish, xavfsizlikni ta’minlash va tarafdorlarni tashish ham talab etiladi. Masalan, ijtimoiy tarmoqlarda Tehron bog‘larida uzoq hududlardan kelgan marosim ishtirokchilari uchun qurilgan chodirlar aks etgan videolar keng tarqaldi.
Tarafdorlarni safarbar qilish har doim Islom Respublikasining kuchli jihatlaridan biri bo‘lib kelgan. AQSH va Isroil bilan bo‘lgan urush esa bu qobiliyatni yanada kuchaytirdi. Birinchidan, faol tarafdorlar soni oshdi. Chet el bombardimonlari, maktab o‘quvchi qizlarning halok bo‘lishi, fuqarolik infratuzilmasiga berilgan zarbalar hamda rahbarlar va ularning oila a’zolarining o‘ldirilishi jamiyatning ma’lum qismida hokimiyat atrofida birlashish hissini uyg‘otishi tabiiy.
Ikkinchidan, Islom Respublikasining o‘zi safarbarlik mexanizmlari hali ham juda yuqori darajada ekanini namoyon qildi. Hokimiyat tarafdorlari mitingini tashkil qila olishiga deyarli hech kim shubha qilmagan. Ammo urushning dastlabki haftalarida, hatto to‘plangan odamlarga zarba berilishi xavfi mavjud bo‘lgan sharoitda ham (mitinglar vaqtida yaqin atrofdagi obyektlarga zarbalar berilgan holatlar kuzatilgan), har kuni maydonlarga yuzlab odamlarni olib chiqqani haqiqatan ham ta’sirli edi.
Biroq, jamiyatning muayyan qismi birlashgani butun jamiyat birlashganini anglatmaydi. Shu kunlarda Eronda suhbatlashgan odamlarimning barchasi bir xil gapni aytdi: «Bu dafn marosimiga borgan birorta odamni ham tanimaymiz». Albatta, ular o‘z muhitida yashaydi, ammo shunday «axborot pufaklari»ning o‘zi mavjudligi ham ko‘p narsadan dalolat beradi.
Bunga so‘nggi kunlardagi namoyishlar haqidagi qiziqarli ma’lumotlarni ham qo‘shish mumkin. Dafn marosimi boshlanishi arafasida Eronda mahalliy norozilik namoyishlari sezilarli darajada kuchaygani kuzatildi.
Bu ham ta’sirli. Bombardimonlar davom etayotgan paytda odamlar deyarli norozilik namoyishlarini to‘xtatib qo‘ygan edi. Ammo zarbalar yakunlanishi bilan mahalliy namoyishlar deyarli darhol avvalgi darajaga qaytdi: talabalar, ishchilar, nafaqaxo‘rlarning kichik chiqishlari u yoki bu joyda kamida ikki kunda bir marta, ba’zan undan ham tez-tez o‘tkazilmoqda.
Darvoqe, 2026 yil yanvar oyida namoyishlar avjiga chiqqan paytda ishtirokchilar soniga oid baholar paydo bo‘ldi — 346–533 ming kishi. Bu faqat vizual manbalar, ya’ni foto va videolardagi odamlar sonini hisoblash asosidagi taxmin. Haqiqiy raqam bir necha barobar yuqori bo‘lishi mumkin, chunki internet tezda o‘chirilgan, namoyishlarni tasvirga olish esa boshidan qat’iy cheklangan edi. Bundan tashqari, gap ruxsat etilmagan namoyishlar haqida bormoqda, ular qurolli kuchlar tomonidan o‘qqa tutilgan. Bunday sharoitda bir nafar ishtirokchining o‘zi tinch namoyishga chiqqan o‘n nafar odamga teng bo‘lishi mumkin.
Boshqa so‘z yuidan aytganda, Eronda jamiyat chuqur bo‘lingan. Uning bir qismi (hokimiyat tarafdorlari) AQSH va Isroil bilan bo‘lgan urushdagi muvaffaqiyat hisobiga yangi kuch olgan. Jamiyatning ikkinchi qismi esa deyarli avvalgi holatida qolgan — u o‘zi yoqtirmaydigan tuzumga qarshi norozilik bildirishga tayyor.
Bunga iqtisodiy qiyinchiliklarning kuchayib borayotganini ham qo‘shsak, shunday xulosaga kelish mumkin: hozirgi tarafdorlar namoyishlari yaqin kelajakdagi yangi ko‘cha to‘qnashuvlari uchun muqaddima bo‘lishi mumkin. Ehtimol, endi har ikki tomonda ham qat’iyat sezilarli darajada yuqori bo‘ladi. Biroq bu “dramalar” aynan qanday ko‘rinish olishi va qachon sodir bo‘lishi — ancha murakkab savol.



