BMT-Xabitat: uch yil ichida Afg‘onistonga 6 milliondan ortiq qochqin qaytib keldi

thekabultribune.com sayti fotosurati

So‘nggi uch yil ichida 6 milliondan ortiq qochqin Afg‘onistonga qaytib keldi va qaytish jarayoni hanuz davom etmoqda. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholi punktlari dasturi (BMT-Xabitat) ma’lum qildi, deb xabar beradi Khaama Press.

BMT-Xabitat ta’kidlashicha, qochqinlarning ommaviy qaytishi shaharlar va shahar atrofidagi aholi punktlariga jiddiy bosim yuzaga keltirgan. Bu hududlarda uy-joy, asosiy xizmatlar va infratuzilmaga kirish imkoniyatlari avvaldan ham juda cheklangan edi. Hozir hukumat va gumanitar tashkilotlar oldida qaytib kelganlarni uy-joy, tibbiy yordam va ish bilan ta’minlash vazifasi turibdi.

BMT-Xabitatning iyul oyida e’lon qilingan «Afg‘onistonda uzoq muddatli yechimlarni rejalashtirish» (Durable Solutions Programming in Afghanistan) nomli hisobotiga ko‘ra, qaytib kelganlarning eng katta qismi Hirot, Faroh, Qunduz, Qandahor va Bomiyon viloyatlarida to‘plangan. Mahalliy hayotni ta’minlash tizimlari imkoniyatlarining chegarasida ishlamoqda, ko‘plab odamlar esa norasmiy va zarur xizmatlar yetarli darajada ko‘rsatilmaydigan mahallalarga joylashmoqda.

Tashkilot munosib uy-joy repatriantlar uchun munosib hayotni ta’minlashdagi birinchi qadam ekanini ta’kidlab, qabul qiluvchi jamoalarga ko‘makni kuchaytirishga chaqirmoqda. Hisobotda barqaror reintegratsiya uchun alohida yangi shaharchalar qurish emas, balki mavjud aholi punktlarini mustahkamlash zarurligi qayd etilgan.

Asosiy loyihalardan biri — WAHDAT (Weaving Afghanistan's Hope and Displacement Actions Together — «Afg‘oniston umidi va ko‘chish bo‘yicha chora-tadbirlarni birlashtirish») dasturidir. U Hirot va Faroh viloyatlarida Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT), BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) va BMT Qochqinlar ishlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi (BMT QOKB) bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. 2027 yil dekabriga qadar mo‘ljallangan loyiha qariyb 650 ming kishini qamrab olishi kutilmoqda. U doirada, xususan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, jumladan ayollar boshchilik qilayotgan xo‘jaliklarga tegishli 880 ta uyni ta’mirlashga yordam ko‘rsatish rejalashtirilgan. Shuningdek, yo‘llar, drenaj tizimlari va suv ta’minoti obyektlarini qurish orqali mahallalar infratuzilmasini modernizatsiya qilish ko‘zda tutilgan. Bu esa qariyb 490 ming kishining yashash sharoitlarini yaxshilashi kerak.

Yana bir yirik loyiha — PAIDAAR (Participatory Action for Integrated Developmental Assistance to Areas of Return — «Qaytish hududlarida kompleks rivojlanish yordamini ko‘rsatish bo‘yicha birgalikdagi harakatlar») — Qunduz va Bag‘lon viloyatlarida vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan. Loyiha 800 ta oila uy-joyini ta’mirlash, loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha mahalliy qo‘mitalar tuzish va aholiga iqlim o‘zgarishiga chidamli qurilish usullarini o‘rgatishni nazarda tutadi.

Dasturlarda inqirozdan nomutanosib darajada ko‘proq jabr ko‘rayotgan ayollarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Harakatlanish, ta’lim olish va ishlashga qo‘yilgan cheklovlar ularning jamiyat hayotidagi ishtirokini kamaytirayotgan bo‘lsa, og‘ir uy-joy sharoitlari ularning xavfsizligiga tahdidlarni kuchaytirmoqda. Shu sababli loyihalarda ayollar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, xavfsiz joylar yaratish va iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanish imkoniyatlarini kengaytirish, jumladan uy xo‘jaligi va hunarmandchilik bilan shug‘ullanish uchun sharoit yaratish choralari ko‘zda tutilgan.

BMT-Xabitat ta’kidlashicha, uzoq muddatli yechimlarga erishish uchun qisqa muddatli gumanitar yordamning o‘zi yetarli emas. Barqaror reintegratsiyani ta’minlash va jamoalarning kelajakdagi inqirozlarga chidamliligini oshirish uchun shahar tizimlari, infratuzilma, tirikchilik manbalari va mahalliy hokimiyat organlari salohiyatini mustahkamlashga o‘tish zarur.

Afg‘onistonda gumanitar ehtiyojlar dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib qolmoqda. Ko‘p yillik mojarolar, iqtisodiy qiyinchiliklar va tabiiy ofatlardan so‘ng aholining qariyb yarmi — taxminan 23 million kishi — hanuz yordamga muhtoj. BMT agentliklari bu misli ko‘rilmagan miqyosdagi qaytish bilan bog‘liq muammolarni hal qilish uchun xalqaro ko‘makni kuchaytirishga bir necha bor chaqirgan.