Qozog‘iston va Gruziya strategik sheriklik to‘g‘risidagi qo‘shma bayonotni imzoladi

t.me/aqorda_resmi/ fotosurati

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev va Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze ikki mamlakat o‘rtasida strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonotni imzoladi. Bu haqda Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati xabar qildi. Gruziya Bosh vaziri 29 iyun kuni rasmiy tashrif bilan Qozog‘istonga kelgan edi.

Muzokaralar chog‘ida To‘qayev Gruziyani Qozog‘istonning ishonchli va sinovdan o‘tgan hamkori deb atadi. Uning ta’kidlashicha, strategik sheriklikning o‘rnatilishi ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi hamda asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shimcha turtki beradi.

«Savdo va investitsiya sohasidagi hamkorlik Qozog‘iston–Gruziya munosabatlarining asosi bo‘lib qolmoqda. Jahondagi beqaror vaziyatga qaramay, ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmini yanada oshirish uchun katta salohiyat mavjud. Qozog‘iston Gruziya iqtisodiyotiga 500 million AQSH dollaridan ortiq sarmoya kiritgan va hozir ham ushbu mamlakatning eng yirik investorlari qatoridan o‘rin olgan. Davlatlarimiz energetika sohasida samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Biz Boku – Tbilisi – Jayhon neft quvuri orqali neft tashish hajmini oshirish niyatidamiz. Savdo va iqtisodiyot bo‘yicha Hukumatlararo komissiya doirasida faol ishlar olib borilmoqda. Bugungi uchrashuv kelgusidagi yangi ustuvor yo‘nalishlarni belgilashga xizmat qiladi, deb umid qilaman», — deya Oqo‘rda nashri To‘qayev so‘zlarini keltiradi.

Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze esa ikki mamlakat o‘rtasidagi sheriklik umumiy qadriyatlarga asoslanganini ta’kidladi. «Aynan shuning uchun ham munosabatlarimiz juda katta salohiyatga ega», — dedi Kobaxidze.

2025 yil yakunlariga ko‘ra, Qozog‘iston Gruziya tovarlari uchun Rossiyani ortda qoldirib, ikkinchi eng yirik eksport bozoriga aylangan.

Bu haqda Forbes Georgia milliy statistika xizmati ma’lumotlariga tayanib xabar berdi. Nashrning yozishicha, bir yil davomida Gruziyaning Qozog‘istonga eksporti hajmi 5,6 foizga o‘sib, 910 million AQSH dollariga yetgan. Taqqoslash uchun, Rossiyaga eksport 10,3 foizga oshib, 749,3 million AQSH dollarini tashkil etgan.

Eksportning asosiy qismini avtomobillarning reeksporti tashkil etadi. Bir yil ichida Qozog‘istonga Gruziya orqali umumiy qiymati taxminan 735 million AQSH dollariga teng bo‘lgan 40 mingdan ortiq avtomobil olib kirilgan.