O‘zbekiston klubi o‘z futbolchisi uchun Germaniyaning «Borussiya» klubidan 1 million dollar talab qildi

Jaxongir O‘rozov. O‘FA fotosurati

Samarqandning «Dinamo» klubi O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Jahongir O‘rozovni 1 million dollarga baholadi. Bu haqda Eurasia Football klub rahbariyatiga tayanib xabar berdi.

«Dinamo»da ta’kidlashlaricha, futbolchi klub bilan amaldagi shartnomaga ega. Shu bilan birga, klub uning transferi bo‘yicha tushadigan takliflarni ko‘rib chiqishga tayyor.

«Turli mish-mishlar yuribdi. Ularning qayerdan paydo bo‘layotganini aytish qiyin. Futbolchining „Dinamo“ bilan amaldagi shartnomasi bor. Biz tovon puli miqdorini 1 million dollar deb belgilaganmiz. Agar qiziqish bo‘lsa, hamkorlik qilishga tayyormiz», — deydi klub rahbariyati.

Avvalroq Germaniyaning Kicker nashri 22 yoshli markaziy himoyachi Myonxengladbaxning «Borussiya» klubi qiziqish bildirgan futbolchilar ro‘yxatiga kiritilganini xabar qilgandi.

Futbolchining agenti Shahriyor Eshboyev ham O‘rozov tomoni Qozonning «Rubin» klubi taklifini rad etganini, chunki futbolchi faoliyatini Yevropada davom ettirishni maqsad qilganini ma’lum qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, himoyachiga Italiya, Germaniya, Turkiya va Niderlandiya klublaridan takliflar bor, jahon chempionatidagi o‘yinlarini esa Angliya, Italiya va Germaniya klublari vakillari kuzatib borgan.

Ta’kidlash joiz, jahon chempionatidan so‘ng Yevropa klublari O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Termizning «Surxon» klubi o‘ng qanot himoyachisi Behruz Karimovga qiziqish bildirmoqda. Xususan, unga Angliya va Italiya klublari qiziqish bildirgani haqida xabarlar tarqalgan.

Jahongir O‘rozov Toshkentning «Bunyodkor» klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U 2023 yilda Turkiyaning «Eyupspor» klubiga o‘tgan va u yerda Turkiya kubogi doirasida bitta uchrashuvda maydonga tushgan. Shundan so‘ng u O‘zbekistonga qaytgan.

Samarqandning «Dinamo» klubida himoyachi asosiy tarkib o‘yinchisiga aylandi, O‘zbekiston milliy terma jamoasiga chaqiruv oldi va 2026 yilgi jahon chempionati uchun terma jamoa qaydnomasiga kiritildi. Turnirda u birinchi uchrashuvda zaxiradan maydonga tushgan bo‘lsa, keyinchalik asosiy tarkibdan joy oldi.