Fevral oyida vafot etgan Eron yetakchisi Ali Xomanaiy o‘zining tug‘ilgan shahri Mashhadda dafn etildi

ria.ru sayti fotosurati

AQSH va Isroilning Eron Islom Respublikasiga qilgan hujumlari oqibatida fevral oyi oxirida halok bo‘lgan Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyning jasadi dafn etildi. Marosim siyosiy arbobning tug‘ilgan shahri Mashhadda bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi bbc.com.

Xomanaiy shialarning muqaddas ziyoratgohlaridan biri — Imom Rizo maqbarasiga dafn qilindi. Azadorlik marosimida minglab odamlar ishtirok etdi. Oyatulloh bilan vidolashish uchun kelganlar soni juda ko‘p bo‘lgani sababli, jasadni dafn joyiga olib borish yo‘nalishini o‘zgartirishga to‘g‘ri keldi. Shuningdek, kortej maqbaragacha yetib bora olmagani uchun marosim tashkilotchilari vertolyotdan foydalanishga majbur bo‘lishdi.

Qayd etilishicha, Eron rejimi tarafdorlari Xomanaiyning suratlarini, Islom Respublikasi bayroqlarini hamda AQSH va Isroil rahbarlari — Donald Tramp va Binyamin Netanyaxularni o‘ldirishga chaqiruvchi plakatlarni ko‘tarib yurishgan.

Dafn marosimi Tehron, shuningdek, Eronning boshqa shaharlari va qo‘shni Iroqda o‘tkazilgan bir haftalik aza tadbirlarini yakunladi. Mahalliy OAV hisob-kitoblariga ko‘ra, oyatullo bilan vidolashish marosimlarida jami qariyb 40 million kishi ishtirok etgan.

Dafn marosimi Eron va AQSH o‘rtasidagi yanada keskinlashgan mojaro fonida bo‘lib o‘tdi. Yangi eskalatsiyaga Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) nazorati ostida bo‘lgan Hurmuz bo‘g‘ozida neft tankerlarining ruxsatsiz harakatlanishi sabab bo‘ldi. Bir necha kun oldin Eron harbiylari IIQK bilan kelishmasdan bo‘g‘ozdan o‘tishga uringan dengiz kemalariga zarba berdi.

Eron qurolli kuchlarining harakatlariga javoban AQSH harbiylari Islom Respublikasi hududiga hujum qildi. Pentagon ma’lumotlariga ko‘ra, zarbalar natijasida 90 dan ortiq nishon yo‘q qilingan. Tehron ham javob qaytarib, Yaqin Sharq mamlakatlari — Kuvayt, Bahrayn va Qatardagi AQSH harbiy bazalari tomon raketa va dronlar yo‘lladi.

Vaziyat hanuz tarangligicha qolmoqda, mojaro tomonlari bir-biriga nisbatan tahdidli bayonotlar berishda davom etmoqda.

ℹ️ Ali Xomanaiy 28 fevral kuni AQSH va Isroilning Eronga qilgan zarbalari oqibatida halok bo‘ldi. Dastlab uni mart oyida dafn etish rejalashtirilgan edi, ammo davom etayotgan harbiy harakatlar sababli marosimlar kechiktirildi. Xomanaiy 1989 yildan buyon Eronga rahbarlik qilgan; mamlakat oliy rahbari lavozimida uning o‘g‘li — Mujtabo Xomanaiy vorisi bo‘ldi.