Tojikiston prezidenti Markaziy Osiyoda yirik neftni qayta ishlash zavodi qurishni taklif qildi

Emomali Rahmon. Tojikiston prezidenti matbuot xizmati fotosurati

Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon Markaziy Osiyoda yirik neftni qayta ishlash zavodi (NQZ) qurishni taklif qildi. Bu haqda 24.kg xabar berdi.

Taklif 31 iyul kuni Qirg‘izistonning Cho‘lpon-Ota shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon rahbarlarining norasmiy maslahat uchrashuvida bildirildi. Rahmon energetik xavfsizlik masalasi mintaqa barqaror rivojlanishining asosiy omillaridan biri ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu yo‘nalishdagi muammolarni bugungi voqeliklarni hisobga olgan holda birgalikda hal qilish zarur.

«Mintaqamizda eng yangi texnologiyalarni jalb qilgan holda yirik neftni qayta ishlash zavodi qurish masalasini tegishli idoralarimizga ishlab chiqishni topshirishni taklif qilaman. Bunda, albatta, birinchi navbatda mintaqa davlatlarining muhim turdagi neft mahsulotlariga bo‘lgan ichki ehtiyojlari hisobga olinishi kerak», — dedi Tojikiston prezidenti.

Rahmon matbuot xizmati ma’lum qilishicha, prezident «Markaziy Osiyo davlatlarida yoqilg‘i ishlab chiqarishga mo‘ljallangan yirik neftni qayta ishlash korxonalarini qurish» taklifini bildirgan.

Norasmiy Maslahat uchrashuvi 30 iyuldan 1 avgustga qadar Issiqko‘lda bo‘lib o‘tmoqda. Unda Rahmondan tashqari yana besh davlat prezidenti ishtirok etmoqda: Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov va O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev. Sammit ishtirokchilari savdoni rivojlantirish, energetika, turizm, transport yo‘laklari, madaniy-gumanitar hamkorlik, shuningdek, mintaqaviy xavfsizlik masalalarini muhokama qilmoqda.