Issiqko‘lda bo‘lib o‘tgan norasmiy sammit yakunlari bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon prezidentlari Cho‘lpon-Ota deklaratsiyasini imzoladi. Bu haqda Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati xabar qildi.
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning ta’kidlashicha, mazkur hujjat Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon o‘rtasidagi o‘zaro ishonchning yuksak darajasini, ularning tinchlik, yaxshi qo‘shnichilik va barqaror taraqqiyot tamoyillariga sodiqligini, shuningdek, mintaqaviy hamkorlikni yanada kengaytirishga intilishini aks ettiradi.
Deklaratsiyaning imzolanishi 30 iyuldan 1 avgustga qadar Cho‘lpon-Ota shahrida o‘tkazilayotgan olti davlat rahbarlarining norasmiy Maslahat uchrashuvining asosiy natijalaridan biri bo‘ldi.Unda Sadir Japarovdan tashqari Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov va O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etmoqda.
Sammit ishtirokchilari savdo-sotiqni rivojlantirish, energetika, turizm, transport yo‘laklari, madaniy-gumanitar hamkorlik, shuningdek, mintaqaviy xavfsizlik masalalarini muhokama qilmoqda.
Uchrashuvni ochar ekan, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov so‘nggi yillarda mintaqaviy hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi. U, xususan, «Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temir yo‘lini qurish, shuningdek, Qozog‘iston va O‘zbekiston bilan hamkorlikda Qambarota GES-1 loyihasini amalga oshirishning strategik ahamiyatini qayd etdi.
Japarov turizm sohasidagi hamkorlik salohiyatiga ham to‘xtaldi. U 2025 yil mart oyida Markaziy Osiyo davlatlariga sayohat qilmoqchi bo‘lgan xorijliklar uchun yagona turistik viza joriy etish taklifini bildirganini eslatib, Qozog‘iston va O‘zbekiston bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlaganini ma’lum qildi. Qirg‘iziston prezidenti mintaqadagi qolgan davlatlar ham ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashiga umid bildirdi.
Uchrashuvda barcha ishtirokchilar so‘zga chiqdi. Jumladan, Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli ilgari tarqoq bo‘lgan Markaziy Osiyo bugun umumiy taraqqiyot maqsadlari yo‘lida birlashayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ozarbayjonning Maslahat uchrashuvlari formatiga qo‘shilishi mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni sifat jihatidan yangi — makromintaqaviy bosqichga olib chiqadi.
«Biz uchun Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz va yaqin qo‘shnimiz – Afg‘onistonni birlashtiruvchi yagona taraqqiyot makonini shakllantirish borasida tarixiy imkoniyat ochilmoqda», — dedi O‘zbekiston prezidenti.
Serdar Berdimuhamedov esa o‘z navbatida
«Markaziy Osiyo — Ozarbayjon» formatidagi birinchi sammit 8 oktyabr kuni Turkmanistonda bo‘lib o‘tishini ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, sammit kun tartibiga siyosat va xavfsizlikdan tashqari energetika, transport yo‘laklari, ekologiya (jumladan, Orol dengizini tiklash), shuningdek, talabalar almashinuvi masalalari ham kiritiladi.



