3 avgustdan boshlab Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va yana 47 ta davlat fuqarolari uchun viza kafolat to‘lovining maksimal miqdori 15 ming AQSH dollaridan 20 ming AQSH dollariga oshiriladi. Bu haqda AQSH Davlat departamentining 50 ta davlat fuqarolari uchun doimiy viza kafolat puli joriy etilishi haqidagi bildirishnomasida ma’lum qilindi.
Gap biznes va turistik vizalar (B-1/B-2) haqida bormoqda. Dastur fuqarolari AQSHda ruxsat etilgan muddatdan muntazam ortiqcha qolib ketadigan davlatlarga nisbatan qo‘llaniladi. Shuningdek, unga hukumatlari ma’lumot almashinuvini, shaxsni ishonchli aniqlashni, sudlanganlik haqidagi ma’lumotlar hisobini, arizachilarni zarur darajada tekshirishni hamda pasport-viza hujjatlarining himoyasini ta’minlamaydigan davlatlar ham kiritilgan.
Sobiq ittifoq respublikalari orasida yuqorida tilga olingan Markaziy Osiyo davlatlaridan tashqari Gruziya ham ro‘yxatga kiritilgan. Ro‘yxatdan 30 ta Afrika davlati va yana bir qator boshqa mamlakatlar o‘rin olgan.
Bundan avval, 2025 yil avgust oyidan boshlab AQSHda bir yillik muddatga mo‘ljallangan viza kafolat puli bo‘yicha sinov dasturi amal qilgan edi. O‘shanda konsullik xodimlari 5 ming, 10 ming yoki 15 ming AQSH dollari miqdorida kafolat puli belgilashi mumkin edi. Endi esa dastur muddatsiz tus olmoqda, eng kam miqdor esa 10 ming AQSH dollariga oshirilmoqda. Konsullik xodimlari arizachining holatidan kelib chiqqan holda uch xil miqdordan birini — 10 ming, 15 ming yoki 20 ming AQSH dollarini belgilaydi.
AQSH Davlat departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, dastur joriy etilganidan keyin viza kafolat puli talab qilinadigan davlatlar fuqarolariga viza berish soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 83 foizga kamaygan. Kafolat puli to‘lash talabi qo‘yilgan taxminan 20 ming nafar arizachining qariyb yarmi uni to‘lashni istamay, safardan voz kechgan.
Markaziy Osiyo davlatlari sinov dasturiga 2026 yil yanvar oyida kiritilgan edi.
Kafolat puli konsullik xodimi arizachini viza olish uchun barcha talablarga javob beradi, deb topganidan so‘ng AQSH Moliya vazirligining maxsus to‘lov platformasi orqali naqd pulsiz shaklda to‘lanadi. Kafolat pulining to‘lanishi viza berilishini kafolatlamaydi. Agar shaxs AQSHdan belgilangan muddatda chiqib ketsa, shuningdek viza berish rad etilsa yoki aeroportda mamlakatga kirishga ruxsat berilmasa, to‘langan mablag‘ qaytariladi. Kafolat puli summasiga foiz hisoblanmaydi. Kafolat puli to‘lab rasmiylashtirilgan viza egalari AQSHga faqat xalqaro aeroportlar orqali kirib-chiqishlari mumkin bo‘ladi.
Kafolat puli ushlab qolinishiga sabab bo‘ladigan qoidabuzarliklar qatoriga AQSHda ruxsat etilgan muddatdan ortiq qolish, vizani uzaytirish yoki maqomni o‘zgartirish bo‘yicha arizani o‘z vaqtida topshirmaslik, muddatni uzaytirish rad etilganidan so‘ng 10 kun ichida mamlakatni tark etmaslik, shuningdek boshpana so‘rab I-589 shakli bo‘yicha ariza topshirish kiradi.
Shu bilan birga, viza muddatini uzaytirish yoki maqomni o‘zgartirish haqidagi arizaning o‘z vaqtida topshirilishi qoidabuzarlik hisoblanmaydi. Biroq, kafolat puli mavjudligi AQSH Fuqarolik va immigratsiya xizmatlari tomonidan bunday arizalarni ko‘rib chiqishda salbiy omil sifatida inobatga olinishi mumkin.
AQSH Davlat departamenti ta’kidlashicha, mazkur dastur migratsiya sohasida xorijiy hukumatlarni hamkorlikni yaxshilashga va qoidabuzarlar sonini kamaytirishga rag‘batlantirishga qaratilgan diplomatik vosita hisoblanadi. 2027 yil 1 oktyabrdan boshlab viza kafolat pulining eng yuqori miqdori inflyatsiya darajasini hisobga olgan holda har yetti yilda avtomatik ravishda qayta ko‘rib chiqiladi.



