O‘zbekistondagi xalqaro mediaforum qariyb 20 ta kelishuv imzolanishi bilan yakunlandi

Mediaforum ishtirokchilari. ITSM fotosurati

O‘zbekistonda «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» mavzusidagi xalqaro mediaforum o‘z ishini yakunladi. Forum yakunlari bo‘yicha xorijiy hamkorlar bilan hamkorlik to‘g‘risida qariyb 20 ta kelishuv va memorandum imzolandi, deb xabar beradi Islom sivilizatsiyasi markazi (ITSM) matbuot xizmati.

Forum Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lib o‘tdi va unda qariyb 50 mamlakatdan ommaviy axborot vositalari, ilm-fan va kreativ industriyalar sohasidagi 300 ga yaqin vakil ishtirok etdi. CNN va Euronews forumning bosh media hamkorlari bo‘ldi. Tadbirlarda, shuningdek, BBC Studios, TRT World, Oman TV, Report.az, The London Post va boshqa xorijiy OAV vakillari qatnashdi.

Forumning asosiy natijalaridan biri xalqaro hamkorlikning keyingi yo‘nalishlarini belgilab olish bo‘ldi. Ishtirokchilar tomonidan qabul qilingan Deklaratsiyada xalqaro mediaalyans tuzish, «Sivilizatsiyalar ovozi» xalqaro media tanlovini ta’sis etish, jurnalistlar uchun ta’lim dasturlari va kasbiy almashinuvlarni rivojlantirish, shuningdek, O‘zbekiston tarixi va madaniy merosiga bag‘ishlangan kontentni hamkorlikda ishlab chiqarish taklif etildi.

Islom sivilizatsiyasi markazi negizida «Islom sivilizatsiyasi ovozi» xalqaro media klubini tashkil etish taklif qilindi.

Euronews bosh direktori va tahririyat direktori Klaus Shtruns xalqaro mediaforumni Toshkentda har yili o‘tkazishni taklif qildi. CNN vakillari esa Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlik qilish, O‘zbekistonning tarixi, madaniyati va ilmiy merosiga bag‘ishlangan materiallarni xalqaro auditoriyaga targ‘ib etish istiqbollari borligini ma’lum qildi.

ITSM ma’lumotlariga ko‘ra, xorijiy media hamkorlar bilan birgalikda O‘zbekiston tarixi va madaniyati, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatiga bag‘ishlangan 100 dan ortiq loyiha amalga oshirilgan. Keyingi bosqichda yana qariyb 50 ta xalqaro media loyihasini ishga tushirish rejalashtirilmoqda.

Forumning alohida yo‘nalishlaridan biri yosh jurnalistlarni tayyorlash bo‘ldi. ITSM va O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti mamlakatning madaniy merosini o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha qo‘shma dasturni yo‘lga qo‘ymoqda. Eng muvaffaqiyatli talabalar uchun stipendiyalar va kasbiy amaliyot o‘tash imkoniyati nazarda tutilgan.

Forum doirasida Toshkent va Samarqanddagi oliy ta’lim muassasalarida CNN, BBC Studios, TRT World, Report.az va boshqa xalqaro media tuzilmalari va tashkilotlari vakillari ishtirokida mahorat darslari, ijodiy uchrashuvlar va taqdimotlar o‘tkazildi.

Samarqandda xorijiy jurnalistlar, OAV rahbarlari va prodyuserlar Imom al-Buxoriy yodgorlik majmuasi, Xalqaro hadisshunoslik ilmiy-tadqiqot markazi, Imom al-Buxoriy nomidagi innovatsion muzey hamda shaharning tarixiy yodgorliklarini ziyorat qildi. Tashrif davomida jurnalistlar intervyular oldi, reportajlar suratga oldi va telekanallar, axborot agentliklari, hujjatli filmlar hamda raqamli platformalar uchun materiallar tayyorladi.

Forum ishtirokchilari O‘zbekiston prezidentiga murojaat ham yo‘lladi. Unda media va ekspert hamjamiyati vakillari Mirziyoyev tomonidan 2017 yilda BMT Bosh Assambleyasi minbaridan ilgari surilgan «Jaholatga qarshi ma’rifat» tamoyilining dolzarbligini ta’kidlab, diniy toqatsizlik, islomofobiya va turli stereotiplarning tarqalishiga qarshi kurashda OAVning muhim rolini qayd etdi.

ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurildi. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etildi. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Bu yerda Qur’on zali, 550 o‘rinli anjumanlar zali va muzey mavjud bo‘lib, ko‘rgazmalar O‘zbekistonning islomgacha bo‘lgan davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan butun tarixini qamrab oladi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.