O‘zbekiston va Serbiya mehnat mobilligi va migratsiyasi to‘g‘risida kelishuvni qabul qildi

Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Vuchich. O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati fotosurati

O‘zbekiston va Serbiya mehnat mobilligi va migratsiyasi to‘g‘risida kelishuvni qabul qildi. Ushbu hujjat doirasida mazkur sohadagi hamkorlikka tizimli yondashuvni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Hujjat Markaziy Osiyo davlati prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Belgradga tashrifi chog‘ida imzolandi, deb xabar beradi uning matbuot xizmati.

Respublika rahbarining Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich bilan uchrashuvida tartibga solingan mehnat migratsiyasi masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, Yevropa mamlakati rahbariyati xorijiy ishchi kuchini jalb qilish jarayoniga jiddiy qiziqish bildirdi. Yakunda ikki davlat hukumatlari vakillari tegishli kelishuvni imzoladi.

Mirziyoyev Serbiyaga tarixda birinchi marta amalga oshirgan tashrifi mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berishini ta’kidladi. Yuqori martabali mehmonning so‘zlariga ko‘ra, hamkorlikning mustahkam poydevori savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik hisoblanadi. Zero, joriy yilning o‘zida ikki davlat delegatsiyalari ishtirokida qator muhim tadbirlar o‘tkazildi. Bundan tashqari, joriy tashrif doirasida Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, dasturda esa O‘zbekiston — Serbiya biznes-forumi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Muzokaralar davomida tomonlar tovar aylanmasi hajmini oshirishga, avvalo, talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar yetkazib berishni kengaytirish hisobiga erishishga kelishib oldi. Shu munosabat bilan erkin savdo to‘g‘risidagi kelishuvni ishlab chiqish va imzolash, standartlashtirish sohasida yaqin aloqalarni yo‘lga qo‘yish, o‘zaro ko‘rgazmalar tashkil etish muhimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, Mirziyoyev va Vuchich kelasi yili Belgradda bo‘lib o‘tadigan EXPO ko‘rgazmasida O‘zbekiston milliy pavilon bilan ishtirok etishiga kelishib oldi.

Prezidentlar transport va logistika, yengil va oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, tibbiyot va raqamli iqtisodiyot kabi sohalarda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini ham muhokama qildi. Avtomobil ehtiyot qismlari, uskunalar va elektrotexnika ishlab chiqarish sohasida kooperatsiya uchun katta salohiyat mavjudligi ta’kidlandi.

Mintaqaviy hamkorlik masalasi ham ko‘tarildi. Davlat rahbarlari Samarqand viloyati va Voyevodina, Samarqand va Novi-Sad shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalar o‘rnatilganini olqishladi.

Bundan tashqari, uchrashuvda ta’lim, sport, madaniyat va turizm sohalaridagi o‘zaro aloqalarni kengaytirish bo‘yicha tashabbuslar ilgari surildi. Tomonlar o‘zaro Madaniyat kunlarini, kino, teatr va musiqa sohalarida qo‘shma festivallar o‘tkazishga kelishib oldi.

Kelishilgan tashabbuslarning amaliy ijrosini nazorat qilish maqsadida O‘zbekiston va Serbiya 2026–2028 yillarga mo‘ljallangan sanoat sherikligini rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar rejasi, shuningdek, keng qamrovli «yo‘l xaritasi»ni qabul qildi.

Muzokaralar yakunlari bo‘yicha Mirziyoyev va Vuchich Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi Qo‘shma deklaratsiyani imzoladi.

Davlat rahbarlari huzurida qator ikki tomonlama hujjatlar, jumladan, quyidagi kelishuvlar imzolandi:

✅ Avtomobil transportida yo‘lovchi va yuklarni xalqaro tashish to‘g‘risida;

✅ Bojxona ishlarida hamkorlik va o‘zaro yordam to‘g‘risida;

✅ Qayta tiklanuvchi energetika va «yashil» texnologiyalar sohasida hamkorlik to‘g‘risida;

✅ O‘rta yo‘lakni qo‘llab-quvvatlash borasidagi hamkorlik to‘g‘risida;

✅ Raqamlashtirish, elektron hukumat va zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash sohasida hamkorlik to‘g‘risida.