Jahon banki O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 800 mln dollar ajratadi

afrinz.ru saytidan olingan surat

Jahon banki (JB) Ijrochi direktorlar kengashi O‘zbekiston hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 800 mln dollar miqdoridagi moliyalashtirishni ma’qulladi. Xususan, gap yuqori maoshli ish o‘rinlarini yaratish, xususiy sektorni kengaytirish hamda mamlakatning jahon iqtisodiyotiga integratsiyasini chuqurlashtirishga qaratilgan o‘zgarishlar haqida bormoqda, deyiladi xalqaro tashkilotning saytida.

JB qo‘shimcha qilishicha, islohotlar respublikaning barcha hududlarida xotin-qizlar, fermerlar va korxonalarning imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi. Ekspertlarning prognozlariga ko‘ra, 2029–2031 yillarda hukumat tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar 275 mingta qo‘shimcha va yanada sifatli ish o‘rinlari yaratilishiga yordam beradi.

Jahon banki xalqaro institutning moliyaviy ko‘magida O‘zbekistonda amalga oshiriladigan islohotlarning asosiy yo‘nalishlarini ma’lum qildi.

Xotin-qizlarni iqtisodiyotga yanada faol jalb etish va ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish borasida mamlakatda ijtimoiy sug‘urta dasturlarini, jumladan homiladorlik va vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalarini to‘lash tizimini kengaytirish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, ajratilgan mablag‘lar ish joylarida maksimal darajada xavfsiz mehnat sharoitlarini va ayollarga hurmat bilan munosabatda bo‘lishni ta’minlovchi mexanizmlarni takomillashtirishga hamda aholining zaif qatlamlariga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirishga yo‘naltiriladi.

Nodavlat biznesi uchun yangi imkoniyatlar yaratilishi xususiy sektorning raqobatbardoshligini oshirishga olib kelishi lozim. Bu jarayon investitsiyalarni ko‘paytirishni, innovatsion texnologiyalarni joriy etishni hamda yuqori daromadli ish o‘rinlarini paydo qilishni nazarda tutadi.

Islohotlarning bir qismi IT sohasiga daxldor bo‘ladi. Masalan, korxonalar bulutli servislar va xalqaro raqamli platformalardan, jumladan shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilishda osonroq foydalanishlari uchun ma’lumotlarni chegara osha xavfsiz uzatish qoidalarini takomillashtirish haqida so‘z bormoqda. 2028 yilga borib keng polosali aloqa foydalanuvchilari sonini 500 ming kishiga oshirish kutilmoqda, ularning yarmi xotin-qizlar bo‘ladi.

Elektr energiyasi va tabiiy gaz bozorlarini tartibga soluvchi me’yoriy baza va institutlarni mustahkamlash bo‘yicha islohotlarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Bu bir yildan so‘ng elektr energiyasi iste’molchilarining 15 foiziga xususiy operatorlar boshqaruvidagi taqsimlash tarmoqlari orqali xizmat ko‘rsatilishiga olib keladi. Bundan tashqari, korxonalarni «yashil» texnologiyalarga o‘tishga rag‘batlantirish jarayoni yo‘lga qo‘yiladi. Tegishli dastur doirasida 10 mln dollar miqdorida investitsiyalar jalb etiladi hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosidagi generatsiya quvvati 3 ming MVtga yetkaziladi.

JB ko‘magi hisobidan respublikada fermerlarni qurg‘oqchilik, toshqinlar va boshqa ekstremal tabiat hodisalaridan himoya qilish maqsadida qishloq xo‘jaligini sug‘urtalash tizimi keng joriy etiladi.

Nihoyat, mablag‘ning bir qismi savdoni modernizatsiyalash va raqamlashtirishga, bojxona tartib-taomillarini soddalashtirishga sarflanadi. Bunday yondashuv import-eksport bitimlarini yanada oson va arzon qiladi hamda O‘zbekistonning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuviga va Jahon savdo tashkilotiga (JST) kirishiga hissa qo‘shadi.