O‘zbekiston Milliy banki 2027 yilda kreditlar uchun 43 trln so‘mgacha mablag‘ ajratadi

sputniknews.uz saytidan olingan surat

O‘zbekiston Milliy banki («O‘zmilliybank») 2027 yilda kreditlash hajmini 43 trln so‘mgacha (qariyb $3,6 mlrd) yetkazishni rejalashtirmoqda. Bunda, tahlilchilarning kutilmalariga ko‘ra, 18 trln so‘m ($1,5 mlrd) iqtisodiyotning real sektoriga, yana 5 trln so‘m ($417 mln) esa infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga yo‘naltiriladi. Moliya muassasasining yaqin istiqboldagi asosiy vazifalari respublika Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda muhokama qilindi, deb xabar bermoqda davlat rahbarining matbuot xizmati.

Kredit tashkiloti rahbariyatining hisobotini tinglagan davlat rahbari bank resurslarini yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqarish, mamlakat iqtisodiyotining eksport salohiyatini oshirish, aholining tadbirkorlik faolligini rag‘batlantirish hamda barqaror ish o‘rinlarini yaratishni nazarda tutuvchi loyihalarga yo‘naltirish muhimligini ta’kidladi.

Shu bilan birga, Mirziyoyev «O‘zmilliybank»ka kreditlarning samaradorligini oshirish, biznesga istiqbolli tashabbuslarni ishlab chiqish va hayotga tatbiq etishda ko‘maklashish, mahallalar aholisi daromadlarini oshirishga qaratilgan loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni faollashtirish bo‘yicha topshiriq berdi.

Uchrashuvda 2026 yilning dastlabki yakunlari to‘g‘risida ham axborot berildi. Xususan, bank vakillarining so‘zlariga ko‘ra, joriy yilda mijozlarga jami 38,5 trln so‘mlik ($3,2 mlrd) kreditlar ajratish ko‘zda tutilgan. Shundan 28,2 trln so‘mini ($2,3 mlrd) kompaniyalar, 10,3 trln so‘mini ($860 mln) esa jismoniy shaxslar oladi.

Aniqlik kiritilishicha, yil boshidan buyon «O‘zmilliybank» iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarida, jumladan, sanoat va infratuzilma sohalarida ikki mingga yaqin loyihani amalga oshirishga yordam berdi. Faqatgina mazkur tarmoqlarda faoliyat yuritayotgan korxonalarga 15 trln so‘mlik ($1,2 mlrd) kredit mablag‘lari yo‘naltirildi. Bundan tashqari, 235 ta qurilish loyihasini moliyalashtirish uchun 1,7 trln so‘m ($142 mln) ajratildi.

Tashkilot yoshlarni, birinchi navbatda ta’lim muassasalarini yaqinda tamomlagan bitiruvchilarni biznesga jalb etishga alohida e’tibor qaratmoqda. Joriy yilda bank ko‘magi tufayli 306 ming nafar bitiruvchining bandligi ta’minlangani qayd etildi.

Yaqin kelajakda yoshlarning biznes loyihalarini kreditlashni 618 mlrd so‘mga ($51,5 mln) yetkazish rejalashtirilgan bo‘lib, buning natijasida 10 ming nafar kishi tadbirkorga aylanadi.

Shuningdek, «O‘zmilliybank»ka biriktirilgan 1 188 ta mahallada fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish va yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha 13 mingta mikroloyiha shakllantirilgani ta’kidlandi. Bu kabi tashabbuslarni ro‘yobga chiqarish uchun 2,8 trln so‘m ($233 mln) kredit mablag‘lari ajratilgan bo‘lib, ular hisobidan 178 ming kishining bandligi ta’minlanadi.