Bir yarim yil davomida Rossiyaning migratsiya jarayonlaridan olgan daromadlari 321 milliard rublni (taxminan $4 milliard) tashkil etdi va 30 foizga oshdi. Bu haqda Rossiya Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari — IIVning fuqarolik va xorijiy fuqarolarni ro‘yxatga olish masalalari bo‘yicha xizmati rahbari Andrey Kikot Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvda ma’lum qildi, deb xabar beradi kremlin.ru.
«U yerda 60 milliard rubldan ko‘prog‘i federal budjetga, 250 yoki 260 milliard rubldan ortig‘i esa mintaqaviy budjetlarga tushgan. Lekin, tushunishimcha, bu asosan patentlar hisobiga bo‘lganmi?» — deb aniqlik kiritdi Putin Kikotdan. U esa buni tasdiqladi.
Uchrashuv davomida Andrey Kikot bir yarim yil ichida mamlakatdagi migratsiya vaziyati haqida hisobot berdi. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, har yili turli maqsadlarda Rossiyaga qariyb 9 million nafar xorijiy fuqaro keladi. Bir vaqtning o‘zida mamlakat hududida 6–6,5 million nafarga yaqin kishi bo‘ladi. Ularning qariyb 3 millioni mehnat migrantlari, 1,7 millioni oila a’zolari, 1 millioni esa turistlar, talabalar va shaxsiy ishlar bilan kelganlar kabi boshqa toifalarga to‘g‘ri keladi.
Kikot Rossiya qonunchiligini buzgan xorijiy fuqarolar toifasini alohida ta’kidladi. Ularning soni 800 ming nafarni tashkil etadi. Ularning barchasi nazoratdagi shaxslar reyestriga kiritilgan va ularga nisbatan qidiruv tadbirlari olib borilmoqda.
Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari qonuniy mehnat migratsiyasi ulushi oshganini qayd etdi. Agar ilgari bu ko‘rsatkich umumiy soning 45 foizini tashkil etgan bo‘lsa, hozir 50 foizga yetgan. U buni «yaxshi ko‘rsatkich» deb atadi.
Kikot o‘tgan yili qabul qilingan Davlat migratsiya siyosati konsepsiyasini amalga oshirish doirasida mehnat qilmaydigan mehnat migrantlari oila a’zolarining mamlakatda bo‘lishini cheklash vazifasi qo‘yilganini eslatdi. Bu yo‘nalishda hokimiyat 1,7 million nafarlik ko‘rsatkichga nisbatan 20 foizlik kamayishga erishgan. Kikotning ta’kidlashicha, bunga hukumat tomonidan bolalarni maktablarga qabul qilishda belgilangan mezonlar, xususan, rus tilini bilish bo‘yicha kirish imtihonini topshirish talabi hisobiga erishilgan.
Bundan tashqari, migratsiya xizmati tashabbusi bilan federal qonun qabul qilingan bo‘lib, u 2027 yil 1 yanvardan kuchga kiradi. Qonun Rossiya hududida bo‘lgan har bir ishlamaydigan oila a’zosi uchun ishlayotgan xorijiy fuqarolardan soliq undirishni nazarda tutadi.
Migratsiya xizmati xorijiy fuqarolarni maqsadli va uyushgan tarzda ishga jalb qilish tizimi to‘g‘risida qonun loyihasini ishlab chiqdi. Hozirda u hukumatda kelishuv bosqichida. Amaldagi tizimdan asosiy farqi shundaki, hozir xorijiy fuqaro Rossiyaga mustaqil ravishda kelib, ish beruvchi izlaydi. Uyushgan tarzda jalb qilish modelida esa ish beruvchi migratsiya xizmatiga murojaat qiladi, xizmat operator orqali zarur ishchi kuchini topadi, ularni Rossiyaga olib keladi, qonuniylashtirishini ta’minlaydi va ish beruvchiga topshiradi.
Qonunga ko‘ra, yirik va o‘rta biznes bunday xodimlarni maxsus turar joy va ish joyigacha transport bilan ta’minlashi, «uy — ish — uy» yopiq tizimini yaratishi shart bo‘ladi. Mehnat shartnomasi muddati tugagach, migrant xuddi shu tartibda vataniga qaytariladi.
Putin mazkur loyihani sharhlar ekan, bunday tizim «mehnat migrantining qonuniy huquqlarini ham ta’minlaydi» va «mahalliy fuqarolarning manfaatlarini ta’minlaydi, bu biz uchun birinchi darajali ahamiyatga ega», deb ta’kidladi. Prezident mehnat migrantlari keladigan mamlakatlar Rossiyada ishlash va yashashga tayyorgarlik ko‘rishda, jumladan, rus tilini o‘rganishda hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanini qo‘shimcha qildi. U Kikotdan bu masalani hukumatda ko‘tarishni so‘radi.



