Tojikistonning So‘g‘d viloyatida muqaddam amnistiya bo‘yicha ozodlikka chiqarilgan 70 nafar shaxs turli jinoyatlarni sodir etgani uchun yana ozodlikdan mahrum etildi. Mintaqa sudlari tegishli qarorlarni qabul qildi, deb xabar beradi Sputnik.
Shu bilan birga, takroriy jinoyat ishlarining tafsilotlari, jumladan, ayblov moddalari va tayinlangan jazo muddatlari keltirilmagan. Shuningdek, mahkumlarning ozodlikda qancha vaqt bo‘lgani va ularning barchasi 2026 yilning iyun oyida e’lon qilingan so‘nggi amnistiya doirasida ozod qilinganmi-yo‘qmi, bunga ham aniqlik kiritilmagan.
Bundan oldin Tojikiston huquq-tartibot idoralari amnistiya qilingan fuqarolarning takroran qo‘lga olinishi haqida xabar bergan edi. Sentabr oyida «Ozodi» radiosi kamida yettita shunday holat yuz bergani haqida ma’lum qilgan. Qayta hibsga olinganlarning aksariyati o‘g‘rilikda gumon qilingan.
Xususan, So‘g‘d viloyatining Konibodom shahrida besh kishi qo‘lga olingan bo‘lib, ularning to‘rt nafari avvalroq amnistiya bo‘yicha ozodlikka chiqqan edi. Huquq-tartibot idoralarining ta’kidlashicha, ulardan biri bir oy ichida to‘rtta o‘g‘rilik sodir etgan. Dushanbeda esa ikki sobiq mahkum ozodlikka chiqqanidan uch kun o‘tib, turar joydan pul va qimmatbaho buyumlarni o‘g‘irlaganlikda gumon qilingan.
Prezident Еmomali Rahmon Tojikiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risidagi qonunni 2026 yil 16 iyunda imzolagan edi. Dastlab ushbu jarayon 18 038 kishini qamrab olishi nazarda tutilgandi. 11 mingdan ortiq mahkumni jazodan ozod qilish, qolganlarining qamoq muddatini qisqartirish rejalashtirilgan edi.
Avgust oyining o‘rtalariga kelib amnistiya 20 684 kishiga nisbatan qo‘llanildi. Ulardan 14 343 nafari jinoiy javobgarlikdan yoki jazoni o‘tashdan ozod etildi, jumladan, sakkiz mingdan ziyod kishi axloq tuzatish muassasalaridan chiqarildi.
Birgina So‘g‘d viloyatida avgust o‘rtalariga kelib 5100 kishi qonun ta’siriga tushdi. Ulardan 2157 nafari axloq tuzatish muassasalaridan yoki jinoiy ta’qibdan ozod etilgan bo‘lsa, yana 2260 mahkumning jazo muddati bir yildan uch yilgacha qisqartirildi. Amnistiya qilinganlar orasida 74 nafar ayol va 34 nafar voyaga yetmaganlar bor edi. O‘sha vaqtning o‘zidayoq viloyat prokuraturasi vakillari qayta jinoyat sodir etishning uchta holati haqida ma’lum qilishgan edi.
Amnistiya hukm qilingan tojikistonlik jurnalistlar va blogerlarni ham qamrab oldi. Ulardan ayrimlarining ozodlikdan mahrum etish muddati uch yilga qisqartirildi. Xususan, jazoning yengillashtirilishi Abdullo G‘urbatiy va Ruxshona Hakimovaga ham tegishli bo‘ldi.



