Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev qozoq tilida ayrim «sun’iy» so‘zlarning paydo bo‘lishini shubhali deb atadi. Misol tariqasida u lift, gazeta va dush atamalarini keltirib o‘tdi, deb xabar beradi Oqo‘rda.
«Qazaq tili» («Qozoq tili») xalqaro jamiyatining X qurultoyida so‘zga chiqqan prezident «har bir narsada me’yor bo‘lishi kerak»ligini ta’kidladi. «Shu nuqtayi nazardan, «kuysandiq» (pianino), «qiltima» (balkon), «suburqaq» (favvora), «sebezgi» (dush), «qiriqqabat» (karam), «unqag‘az» (gazeta), «jedelsati» (lift), «jelko‘z» (fortochka) kabi sun’iy so‘zlarning paydo bo‘lishi shubha tug‘diradi», — dedi To‘qayev.
Shu bilan birga, respublika rahbarining qo‘shimcha qilishicha, so‘nggi yillarda kundalik muomalaga avvallari kam qo‘llangan yoki deyarli ishlatilmagan so‘zlar kirib keldi. Ular qatorida u «janarmay» (yoqilg‘i), «g‘alamtor» (internet), «tikushaq» (vertolyot), «payiz» (foiz), shuningdek «tujirimdama» (konsepsiya), «qag‘idat» (tamoyil), «jospar» (reja) va «g‘arish» (kosmos) kabilarni sanab o‘tdi.
Davlat rahbari din bilan bog‘liq an’anaviy qozoqcha so‘zlarni arabcha leksika bilan almashtirish tendensiyasiga ham e’tibor qaratdi.
«Bunga zarurat bor-yo‘qligi ham savollar tug‘diradi. Umuman olganda, bu juda muhim mavzu, shu bois bu borada professional olimlar o‘zlarining salmoqli fikrini bildirishlari lozim», — deya ta’kidladi prezident va tilshunoslar, ekspertlar hamda jamoatchilik vakillari ishtirokida maxsus ishchi guruh tuzishni taklif qildi. Uning faoliyatini muvofiqlashtirish davlat rahbari ma’muriyatiga topshiriladi.
Bundan tashqari, To‘qayev tilshunoslik sohasida universal hamda ommabop raqamli tizim yaratish va barcha lug‘atlarni, jumladan orfografik lug‘atni yangilash zarurligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qozoq imlosi me’yorlarini 2027 yil oxirigacha tartibga solish lozim. Prezident rasman tasdiqlangan orfografik lug‘at hamon 1983 yilda nashr etilganicha qolayotganini, keyingi nashrlar esa davlat tomonidan tasdiqlanmaganini eslatib o‘tdi.
Davlat rahbari til masalasidan adovat qo‘zg‘atish maqsadida foydalanishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligiga alohida to‘xtaldi. U davlat tili mamlakat birligini mustahkamlashning asosiy omillaridan biri bo‘lishi kerakligini, biroq uning rivoji boshqa tillarning rivojiga to‘sqinlik qilmasligi lozimligini eslatdi.
«Bir tilni ikkinchisiga qarama-qarshi qo‘yish kerak emas. Bu ulkan gunohdir. Buning oqibatlarini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib turibmiz», — deya ta’kidladi To‘qayev.



