Qozogʻiston chempioni va Kubok sohibi «Oʻrdabosi» bosh murabbiy bilan xayrlashmoqda

Andrey Martin. «Oʻrdabosi» FK fotosi

Chimkentning «Oʻrdabosi» futbol klubi oʻz tarixida ilk bor jamoa bilan bir mavsumda Qozogʻiston chempionati va Kubogini qoʻlga kiritgan bosh murabbiy Andrey Martin bilan shartnomani uzaytirmadi. Bu haqda insayder Ivan Karpov xabar bergi.

Bloger maʼlumotlariga koʻra, 9 noyabr kuni Martin klub rahbariyati bilan uchrashgan. Muzokaralar yakunida tomonlar hamkorlikni toʻxtatishga qaror qilgan, shartnomani uzaytirish boʻyicha yangi muloqotlar rejalashtirilmagan. «Oʻrdabosi»ning rasmiy bayonoti tez orada eʼlon qilinishi kutilmoqda.

Eldar Amanbayev bergan xabarga qaraganda, «Oʻrdabosi» rahbariyati oldiga nafaqat chempionlik unvonini saqlab qolish, balki jamoani yevrokuboklarning asosiy bosqichiga olib chiqish vazifasi qoʻyiladigan yangi murabbiy taklif etish niyatida.

Oʻz navbatida, ASnews.kz nashri xayrlashuvga Martin va rahbariyat oʻrtasida jamoani shakllantirish masalalaridagi kelishmovchiliklar sabab boʻlganini taʼkidlamoqda. Nashr maʼlumotiga koʻra, klub menejmenti murabbiyning transfer siyosatiga aralashuvidan norozi boʻlgan. Ushbu xabarning rasmiy tasdigʻi yoʻq.

Martin «Oʻrdabosi»ni 2024 yil dekabrida qabul qilib olgan edi. Uning boshqaruvidagi ilk mavsumda jamoa Qozogʻiston chempionatida yettinchi oʻrinni egalladi. Biroq 2026 yilda chimkentliklar 68 ochko jamgʻarib, Olmaotaning «Qayrat» klubidan uch ochko ilgarilab ketdi va oʻz tarixidagi ikkinchi chempionlik titulini qoʻlga kiritdi.

7 noyabr kuni «Oʻrdabosi» Qozogʻiston Kubogi finalida Qiziloʻrdaning «Qaysar» jamoasini 4:1 hisobida tor-mor etdi. Bu klub tarixidagi uchinchi milliy kubok hamda chimkentliklar bir mavsumda har ikkala asosiy milliy sovrinni yutib olgan ilk holat boʻldi.

Martin uchun bu muvaffaqiyat uch mavsum ichidagi ikkinchi oltin dubl boʻldi. 2023/24 yilgi mavsumda u «Petrokub» bilan Moldova chempionati va Kubogida zafar quchgan, soʻngra jamoani Konferensiyalar ligasining asosiy bosqichiga olib chiqqan edi.

Bundan sal avval «Oʻrdabosi»ning chempionlik poygasidagi asosiy raqibi boʻlmish «Qayrat» ham murabbiyni almashtirgandi. 26 oktyabr kuni olmaotaliklar bosh murabbiyi Rafael Urazbaxtin oʻz tashabbusi bilan isteʼfoga chiqdi va klub rahbariyati uning arizasini qabul qildi. Urazbaxtin jamoani 2024 yil sentyabridan beri boshqarib kelayotgan edi. Uning qoʻl ostida «Qayrat» ikki marta Qozogʻiston chempioni boʻldi, mamlakat Superkubogini qoʻlga kiritdi va oʻz tarixida ilk bor Chempionlar ligasining asosiy bosqichiga yoʻl oldi.

  • Nima uchun Rossiyadagi data — markazlaridagi muammolar Qozog‘istondagi odatiy servislar faoliyatini izdan chiqarib yubordi va respublika bu vaziyatdan foydalana oladimi?

  • 1916 yilgi qo‘zg‘olondan Ukrainadagi urushga qadar

  • O‘nlab qozog‘istonliklar Rossiyaga ishlash uchun ketishgan, ammo u yerda urushga jalb etilgan

  • 150 dan ortiq huquq himoyachilari, faollar va jurnalistlar Yuliya Yemelyanova va Mansur Movlayevni Rossiyaga ekstraditsiya qilishga qarshi bayonotni imzoladilar