Qozogʻiston «Yandeks»ning shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish meʼyorlariga rioya etayotganini tekshiradi

depositphotos.com saytidan olingan surat

Qozogʻistonda «Yandeks» kompaniyasi shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga, ularni saqlash va mahalliylashtirish qoidalariga rioya qilayotganini aniqlash maqsadida noyabr oyi oxirigacha kompaniyaning beshta yuridik shaxsida rejadan tashqari tekshiruvlar oʻtkaziladi. Bu haqda Bosh vazir oʻrinbosari — Sunʼiy intellekt va raqamli rivojlanish vaziri Jaslan Madiyev maʼlum qildi, deb xabar beradi TASS.

Tekshiruvlar «Yandeks Kazaxstan» MChJ, «Yandex Bastau» MChJ, «Yandeks. Taksi Korp» MChJ, «Yandeks. Yeda Kazaxstan» MChJ va «Yandeks LLP» MChJ faoliyatini qamrab oladi. Madiyevning soʻzlariga koʻra, mutaxassislar kompaniyalar tomonidan foydalanuvchilar maʼlumotlarini himoya qilish boʻyicha koʻrilayotgan tashkiliy va texnik chora-tadbirlarni oʻrganadi.

Agar tekshiruvchilar qonunbuzilishlarni aniqlasa, vazirlik ularni bartaraf etish boʻyicha tavsiyalar beradi va aybdorlarni maʼmuriy javobgarlikka tortish masalasini koʻrib chiqadi.

Boʻlajak tekshiruvlar haqida Madiyev deputat Lazzat Jilqiboyevaning soʻroviga bergan javobida maʼlum qildi. U 11 oktyabr kuni Moskvadan taxminan 180 km uzoqlikdagi Vladimir shahrida dron kompaniyaning data-markazi infratuzilmasiga shikast yetkazganida, Qozogʻistonda «Yandeks»ning taksi va yetkazib berish xizmatlari faoliyatida yuz bergan uzilishlar masalasiga eʼtibor qaratgan edi.

Oʻsha kuni Yandex Qazaqstan texnik nosozliklar yuz berganini bildirib, mutaxassislar ularni bartaraf etish ustida ishlayotganini maʼlum qilgan. Deputat esa qozogʻistonliklarning shaxsiy maʼlumotlari xorijga uzatilgan-uzatilmagani va ularni himoya qilish talablariga rioya etilgan-etilmaganini aniqlashni soʻragan.

«Har kuni fuqarolarning telefon raqamlari, manzillari, harakatlanish yoʻnalishlari va toʻlov maʼlumotlariga ishlov beruvchi servisning chet eldagi bitta nosozlik tufayli oʻz faoliyatini toʻxtatib qolishi ushbu maʼlumotlar aynan qaysi davlatda va qaysi huquqiy rejim doirasida qayta ishlanishini ochiq va aniq tushuntirishni talab qiladi», — deyilgan deputatlik soʻrovida.

Shu bilan birga, 2023 yil dekabr oyidayoq Raqamli rivojlanish vazirligi matbuot xizmati mahalliy qonunchilik talabiga koʻra «Yandeks» serverlarini Qozogʻiston hududida joylashtirgani haqida hisobot bergan edi.