Shavkat Mirziyoyev 5 milliard dollarlik kelishuvlar tayyorlanayotgan bir paytda O‘monga tashrifini boshladi

O‘zbekiston рrezidenti Sh.Mirziyoyev va O‘mon Sultoni Haysam bin Toriq Ol Said.

O‘zbekiston рrezidenti Shavkat Mirziyoyev 16-noyabr kuni ikki kunlik davlat tashrifi bilan O‘mon Sultonligi poytaxti Masqat shahriga keldi. Aeroportda uni O‘mon Sultoni Haysam bin Toriq Ol Said kutib oldi, deb xabar beradi O‘zbekiston hrezidenti matbuot xizmati. Tashrif doirasida tomonlar umumiy qiymati qariyb 5 milliard dollarlik loyiha va shartnomalarga oid 30 ga yaqin hujjat tayyorladi.

O‘mon havo hududida prezident samolyotini Qirollik harbiy-havo kuchlarining qiruvchi samolyotlari kuzatib bordi. Faxriy qorovul kutib olishi va aeroportdagi qisqa suhbatdan so‘ng Mirziyoyev hamda Sulton birgalikda «Al-Alam» saroyiga yo‘l oldi. U yerda rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi: yetakchilar ikki tomonlama hamkorlikni, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro masalalarni muhokama qildilar, deb O‘mon axborot agentligiga tayangan holda xabar beradi Times of Oman.

Tashrif dasturidan oliy darajadagi muzokaralar va yirik kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘rin olgan. O‘zbekiston tomoni asosiy mavzular sirasida savdo, investitsiyalar, qishloq xo‘jaligi, turizm va madaniy almashinuvlarni qayd etmoqda. Muzokaralar yakunida ikki tomonlama hujjat va bitimlar qabul qilinishi rejalashtirilgan.

5 milliard dollarlik kelishuvlar paketi tayyorlangani haqida avvalroq O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov ma’lum qilgan edi. O‘mon TIV xabariga ko‘ra, O‘zbekiston — O‘mon investitsiya kompaniyasining ustav kapitalini 500 million dollargacha oshirish hamda Markaziy Osiyo bilan O‘mon portlari o‘rtasida transport yo‘nalishlarini rivojlantirish masalalari ham ko‘rib chiqilgan. Prezident tashrifiga tayyorlangan hujjatlarning to‘liq ro‘yxati xabarda keltirilmagan.

Muzokaralarning alohida yo‘nalishi — preferensial savdo to‘g‘risidagi bitimdir. Toshkent O‘monga oziq-ovqat, meva-sabzavot, mis, alyuminiy, to‘qimachilik, elektrotexnika va kimyo mahsulotlari yetkazib berishni ko‘paytirishni ko‘zlamoqda. Qarama-qarshi yo‘nalishda esa shakar, polimerlar, neft mahsulotlari va moylash materiallarini yetkazib berish ko‘rib chiqilmoqda. Muhokama qilinayotgan qo‘shma korxonalar qatorida farmatsevtika ishlab chiqarishi, elektr uskunalari va avtomobil ehtiyot qismlari chiqarish bor. Logistikada O‘zbekistondagi terminallarni rivojlantirish hamda Fors ko‘rfazi va Sharqiy Afrika bozorlariga chiqish uchun O‘mon portlaridan foydalanish nazarda tutilmoqda.

Ishbilarmonlik tadbirlarining bir qismi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston hukumati portali xabariga ko‘ra, Masqatdagi biznes-forum va ko‘rgazma ikki mamlakat kompaniyalari hamda ishbilarmon doiralarining 150 dan ortiq vakilini jamladi. Forum yakunida energetika, sanoat, transport va logistika, moliya, qishloq xo‘jaligi hamda texnologiyalar sohalarida hujjatlar imzolandi. Mazkur xabarda ularning nomlari va summalari ochiqlanmagan.

O‘zaro savdo hajmi hozircha katta emas: 2026-yilning yanvar–sentabr oylarida u o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 70 foizdan ziyodga o‘sib, qariyb 3,3 million dollarni tashkil etdi. Qudratov yaqin yillarda tovar ayirboshlashni 500 million dollarga yetkazish maqsadini bildirdi.

O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1992-yilda o‘rnatilgan. 2009-yil oktabrida O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov Sultonlikka davlat tashrifi bilan borgan edi. 2026-yil iyulidan buyon Masqat va Toshkent o‘rtasida haftasiga ikki marta Oman Air aviakompaniyasining to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslari amalga oshirilmoqda.