Tojikiston hukumati 2026 yil oxiriga qadar MDH erkin savdo hududiga kirmaydigan mamlakatlardan benzin, dizel, suyultirilgan gaz va boshqa neft mahsulotlarini olib kirish uchun bojxona bojlarini nollashtirdi. Bu qaror yoqilgʻini Eron, Turkmaniston va Ozarbayjondan imtiyozli shartlarda import qilish imkonini beradi, deb xabar bermoqda «Aziya-Plyus».
Tegishli 744-sonli qaror 10 noyabrda qabul qilingan boʻlib, 13 noyabr kuni rasmiy «Jumhuriyat» gazetasida eʼlon qilindi. Nol stavka 31 dekabrga qadar amal qiladi hamda neft mahsulotlari va neft gazlariga, jumladan, suyultirilgan gazga nisbatan tatbiq etiladi. Shu bilan birga, xom neft ushbu hujjat doirasiga kirmaydi.
Rossiya, Qozogʻiston va MDH erkin savdo hududining boshqa ishtirokchilari uchun import bojlarining nol stavkasi avval ham amal qilgan. Yangi imtiyoz muqobil yetkazib beruvchilardan yoqilgʻi xarid qilishni yengillashtirish va Tojikistonning Rossiya importiga boʻlgan qaramligini kamaytirishga qaratilgan.
Monopoliyaga qarshi xizmat maʼlumotlariga koʻra, 2026 yilning birinchi yarmida respublika 494,7 million dollarlik 599,5 ming tonna neft mahsulotini import qilgan. Yetkazib berishning 91 foizi Rossiyaga toʻgʻri kelgan, Belarus — 2,8 foiz, Turkmaniston — 1,9 foiz, Qozogʻiston — 1 foiz, Oʻzbekiston va Qirgʻiziston esa 0,9 foizdan ulushga ega boʻlgan.
Yoz oylarida respublika Rossiyadan yoqilgʻi yetkazib berishdagi uzilishlar ortidan taqchillikka duch keldi. Iyul oyida Dushanbe shahridagi ayrim yoqilgʻi quyish shoxobchalarida dizel yoqilgʻisi bir avtomobil uchun 20 litrdan oshmagan cheklov bilan sotildi. Avgust oyi oxiriga kelib dizel narxi iyun oyi boshiga nisbatan 50 foizga, AI-92 benzini esa deyarli chorak qismga qimmatlashdi. Shu bilan birga, avgust oyida Rossiyadan dizel yoqilgʻisi yetkazib berish hajmi iyuldagi 16 ming tonnadan 56 ming tonnaga koʻtarilib, bu vaziyatni bir qadar yaxshilash imkonini berdi.
Ichki bozorni taʼminlashdagi muammolar fonida Dushanbe muqobil taʼminotchilarni izlay boshladi. Avgust oyida Tojikiston Eronga neft va neft mahsulotlarini katta hajmda yetkazib berish taklifi bilan chiqdi va oy oxirida ushbu davlatdan import boshlandi. Biroq kelishilgan hajmning salmoqli qismini tashkil etuvchi xom neft yangi bojxona imtiyozi doirasiga kiritilmagan.
Tojikiston mamlakatni yoqilgʻi bilan taʼminlash maqsadida ilgari ham bojxona imtiyozlaridan foydalangan edi. «Fargʻona» yozganidek, 2025 yilning aprel oyida hukumat davlat zaxiralari uchun 100 ming tonnagacha benzin va shuncha miqdordagi dizel yoqilgʻisini bojsiz olib kirishga ruxsat bergandi. Shuningdek, QQS va aksiz soligʻi stavkalarini 50 foizga kamaytirish koʻzda tutilgan edi.



