O‘zbekiston va O‘mon Sultonligi ikki davlat fuqarolariga bir-birining hududida 30 kungacha vizasiz bo‘lish imkonini beruvchi o‘zaro vizasiz rejim o‘rnatishga kelishib oldilar. Tegishli bitim 17 noyabr kuni Markaziy Osiyo respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yaqin Sharq davlatiga tashrifi doirasida imzolandi, deb xabar beradi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati Instagram’da.
Shu tariqa, O‘zbekiston fuqarolari faqat milliy biometrik pasport bilan O‘monga kirishlari, u yerdan chiqishlari hamda tranzit orqali o‘tishlari mumkin bo‘ladi. Arab davlati fuqarolari ham Markaziy Osiyo respublikasiga xuddi shu tartibda kela oladilar.
Bitimda boshqa davlatda bo‘lish tartibi ham belgilab qo‘yilgan. Xususan, hech qanday ruxsatnoma hujjatlarini rasmiylashtirmasdan, bir safar davomida 30 kungacha yoki bir kalendar yili ichida jami 180 kundan oshmagan muddatda o‘zaro mehmonda bo‘lish mumkin.
Qayd etilishicha, vizasiz rejim doimiy yashash guvohnomasi, o‘qish yoki ishlash uchun ruxsatnoma talab etiladigan faoliyatga nisbatan tatbiq etilmaydi. Shu bilan birga, belgilangan muddatdan ortiq bo‘lish uchun qabul qiluvchi tomon qonunchiligiga muvofiq viza rasmiylashtirish talab etiladi.
Yangi bitimda fors-major holatlarida rasmiy shaxslarning harakatlari ham qayd etilgan. Masalan, boshqa davlat hududida pasport yo‘qolgan taqdirda, vaqtinchalik yo‘l hujjati berilishi va vatanga vizasiz qaytish ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston TIV xabarida ta’kidlanishicha, bitim tomonlar zarur ichki tartib-taomillar yakunlangani haqidagi so‘nggi bildirishnomani olgan kundan boshlab 30 kun o‘tgach kuchga kiradi. Bu yangilik ikki davlat fuqarolarining o‘zaro safarlarini sezilarli darajada osonlashtiradi hamda turizm, biznes, madaniy va gumanitar aloqalarni rivojlantirishga xizmat qiladi, deya xulosa qildi diplomatik idora.
Hozirgi vaqtda O‘zbekiston va O‘mon Sultonligi o‘rtasida vizasiz rejim amal qilmoqda, biroq u paritet asosida emas. Ya’ni, Markaziy Osiyo respublikasi fuqarolari Yaqin Sharq mamlakatiga to‘siqsiz kirib, u yerda 14 kungacha qolishlari mumkin, O‘mon fuqarolari esa O‘zbekistonda 30 kungacha vizasiz bo‘lish huquqiga ega. Yangi bitim bo‘lish muddatlarini tenglashtiradi.



