Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev turkiyalik инвесторларни «Yangi Toshkent» megaloyihasini amalga oshirishda faol ishtirok etishga taklif qildi. Xususan, gap barpo etilayotgan shaharda zamonaviy savdo va turar joy majmualari, mehmonxonalar qurish, pulli avtomobil yoʻllari hamda logistika markazlarini yaratish haqida bormoqda. Davlat rahbari ushbu tashabbusni Biznesni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Oʻzbekiston-Turkiya yuqori darajadagi kengashining birinchi yigʻilishida ilgari surdi, deb xabar bermoqda uning matbuot xizmati.
Markaziy Osiyo respublikasi rahbari Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar natijasida 2017 yildan buyon mamlakat iqtisodiyoti uch barobar oʻsganini, 150 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiyalar jalb etilganini qayd etdi.
« Ushbu jarayonda bizga doim yelkadosh bo‘lib kelayotgan strategik sherigimiz – Turkiya bilan hamkorlik muhim o‘rin tutadi», — deya taʼkidladi Mirziyoyev.
U vitse-prezident Javdat Yilmaz boshchiligidagi nufuzli Turkiya delegatsiyasining Toshkentga tashrifi tomonlarning sheriklikni kengaytirishdan manfaatdor ekanidan dalolat berishini qoʻshimcha qildi.
Prezident «Yangi Toshkent» qurilishida ishtirok etishdan tashqari samarali hamkorlik uchun boshqa qator yoʻnalishlarni ham belgilab berdi.
Uning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekiston va Turkiya konchilik sanoati, «yashil» energetika hamda qishloq xoʻjaligida kooperatsiyani kuchaytirishi zarur. Masalan, tilga olingan soʻnggi sohada organik oʻgʻitlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, qoʻshma issiqxona majmualarini yaratish, mahsulotni yetishtirishdan tortib isteʼmolchiga yetkazib berishgacha boʻlgan yagona qoʻshilgan qiymat zanjirini rivojlantirish maqsadida suv tejovchi texnologiyalarni faol joriy etish mumkin.
Shu bilan birga, turk kompaniyalariga misni chuqur qayta ishlash, elektronika, transformatorlar, maishiy texnika va elektrotexnika uskunalari ishlab chiqarish sohasida oʻzbekistonlik korxonalar bilan hamkorlikni kengaytirish taklif etilmoqda.
Shuningdek, avtomobilsozlik, sunʼiy intellekt va dasturiy taʼminot, bank sektori kabi istiqbolli yoʻnalishlarda ham yaqin sheriklik oʻrnatish imkoniyati mavjud.
Mirziyoyev Oʻzbekistonda farmatsevtika kompaniyalariga Toshkent farmatsevtika parkida jiddiy imtiyozlar, infratuzilma va ishlab chiqarish maydonlari taqdim etilayotganini alohida taʼkidladi. Bundan tashqari, respublika mazkur sohadagi turk korxonalari uchun alohida sanoat zonasi yaratishga tayyor.
U maxsus iqtisodiy zonalar rezidentlari uchun investitsiyalar hajmi va boshqa shartlarga qarab 3 yildan 10 yilgacha boʻlgan muddatga soliq va bojxona imtiyozlari amal qilayotganini qoʻshimcha qildi. Qolaversa, 2024 yildan buyon Toshkent viloyatida 100 gektar maydonni egallagan «Ostim» oʻzbek-turk sanoat zonasi faoliyat yuritmoqda. Prezidentning soʻzlariga koʻra, mazkur tajribani boshqa hududlarga ham tatbiq etish rejalashtirilgan.
Respublika rahbari hozir Oʻzbekistonda qiymati 8,4 milliard dollarlik davlat aktivlarini xususiylashtirish dasturi amalga oshirilayotganini ham eslatib oʻtdi. Turkiyalik ishbilarmonlar esa ushbu jarayonda qatnashishlari mumkin. Buning ustiga, muvaffaqiyatli loyihalar ham mavjud. Mirziyoyev Samarqand avtozavodining xususiylashtirilishi, Samarqand viloyatidagi elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish va Buxoroda yangi aeroport qurilishini misol tariqasida keltirdi.



