Rog‘un italyancha aksent bilan

Nega Italiya o‘z mablag‘i yo‘q Tojikistonning eng yirik qurilish loyihasini moliyalashtirayotgani haqida
«Kaverna» — Rog‘un to‘g‘oni ichidagi tog‘ jinslarida o‘yib barpo etilgan sun’iy ulkan zal bo‘lib, unda gidroagregatlar (turbinalar va generatorlar) o‘rnatiladi. Vikisklad fotosurati

Jahon banki guruhi va Italiyaning davlat moliya instituti Cassa Depositi e Prestiti (CDP) Tojikistondagi Rog‘un GESi qurilishini hamkorlikda moliyalashtirish bo‘yicha kelishuv imzoladi. Bu haqda Jahon bankining respublikadagi vakolatxonasiga tayanib, «Interfaks» xabar qildi. Kelishuvga ko‘ra, Italian Climate Fund loyiha uchun 150 million dollar ajratadi. Ushbu mablag‘larni Italiya Atrof-muhit va energetik xavfsizlik vazirligi nomidan CDP boshqaradi. Jahon bankining loyiha ikkinchi bosqichi bo‘yicha moliyaviy kelishuviga muvofiq, Italiyaning hissasi beg‘araz yordam emas, balki imtiyozli kredit shaklida rasmiylashtirilgan.

ℹ️ Rog‘un GESi Vaxsh daryosida qurilayotgan Markaziy Osiyodagi eng yirik energetika loyihasi hamda Vaxsh gidroenergetika kaskadining asosiy bo‘g‘ini hisoblanadi. Qurilish to‘liq yakunlangach, har biri 600 MVt quvvatga ega oltita gidroagregatning umumiy quvvati 3600 MVtni tashkil etadi. Stansiya yiliga taxminan 14,4 milliard kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi, bu esa Tojikistonning hozirgi elektr ishlab chiqarish hajmining qariyb 60 foiziga teng. Shuningdek, 335 metr balandlikdagi to‘g‘oni dunyodagi eng baland to‘g‘onga aylanadi. Loyiha dastlab 1976 yilda SSSR davrida ishlab chiqilgan, 2010-yillarning o‘rtalarida qayta tiklangan. Birinchi ikki gidroagregat vaqtinchalik sxema asosida 2018–2019 yillarda ishga tushirilgan. Qurilishni to‘liq yakunlash qiymati esa 6,3 milliard dollarga baholanmoqda.

Rimning Tojikistondagi ushbu yirik qurilish loyihasida ishtirok etishi, avvalo, Italiya sanoatining to‘g‘ridan to‘g‘ri tijorat manfaatlari bilan izohlanadi. Qurilishning asosiy qismi — to‘g‘onni barpo etish ishlarini Italiyaning yirik qurilish kompaniyasi Webuild (2020 yilgacha Salini Impregilo) amalga oshirmoqda. 2016 yil iyul oyida kompaniya Dushanbe bilan 3,9 milliard dollarlik ramkaviy kelishuvni imzolagan. Shu doirada u qiymati 1,95 milliard dollar bo‘lgan birinchi lotni — loy o‘zakli tosh-to‘kima to‘g‘on qurilishi bo‘yicha shartnomani qo‘lga kiritgan. Pudratchi mamlakat buyurtmachiga kredit ajratadigan bunday sxema eksportni bog‘liq moliyalashtirishning klassik namunasi hisoblanadi.

Dushanbening qurilish ishlarini mustaqil moliyalashtirish uchun mablag‘ yetarli emas. Shuning uchun CDP Tojikistonga imtiyozli kredit ajratadi, ushbu mablag‘lar hisobidan esa italiyalik quruvchilarning hisob-kitoblari to‘lanadi. Natijada mablag‘ning katta qismi Webuild daromadi, ish haqlari va soliqlar ko‘rinishida yana Italiya iqtisodiyotiga qaytib keladi.

Xuddi shunday mexanizm Xitoy davlat banklari tomonidan «Bir kamar — bir yo‘l» tashabbusi doirasidagi loyihalarda yoki Rossiyaning «Rosatom» atom elektr stansiyalari qurilishi uchun ajratadigan davlat kreditlarida ham qo‘llanadi. Webuild uchun esa bu yana bir muhim ustunlik — kambag‘al mamlakatdagi shartnomaning asosiy xavfi, ya’ni to‘lov amalga oshmasligi xavfini kamaytirishdir. Mablag‘lar Jahon banki rahbarligidagi konsorsium orqali yo‘naltirilgani uchun to‘lov intizomi Tojikiston budjeti emas, balki xalqaro moliyaviy institutlar kafolati bilan ta’minlanadi.

Ikkinchi sabab esa mablag‘ manbasining o‘zi bilan bog‘liq. 2022 yilgi budjet qonuni asosida tashkil etilgan Italiya iqlim jamg‘armasi (Italian Climate Fund) Rimning iqlimni moliyalashtirish bo‘yicha xalqaro majburiyatlarini bajarishga xizmat qiluvchi asosiy milliy mexanizm hisoblanadi. Jamg‘arma budjeti taxminan 4,4 milliard yevroga teng. Uni Italiya Atrof-muhit va energetik xavfsizlik vazirligi boshqaradi, operator vazifasini esa CDP bajaradi. Jamg‘arma asosan rivojlanayotgan mamlakatlardagi «yashil» loyihalarni imtiyozli kreditlar va investitsiyalar orqali qo‘llab-quvvatlash uchun mo‘ljallangan. Gidroenergetikaga oid Rog‘un GESi ham rasman aynan shu mezonlarga to‘liq mos keladi. Shu bois ushbu loyihaga yo‘naltirilgan mablag‘ Italiyaning iqlim bo‘yicha xalqaro majburiyatlari doirasidagi hissasi sifatida hisobga olinadi.

Nihoyat, Italiya ushbu loyihada yakka holda emas, balki Jahon banki guruhi rahbarligidagi 12 ta xalqaro taraqqiyot hamkori ishtirok etayotgan konsorsium tarkibida qatnashmoqda. Jahon bankining o‘zi ham Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi orqali Rog‘un GESi uchun jami 650 million dollar grant ajratishni ma’qullagan. Shundan 350 million dollari 2024 yil dekabr oyida, yana 300 million dollari esa 2026 yil iyun oyida tasdiqlangan. Rog‘unni moliyalashtirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi guruh tarkibiga CDPdan tashqari Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki (500 million dollar kredit ajratishni ma’qullagan), Yevropa komissiyasi, Yevropa investitsiya banki, Islom taraqqiyot banki, arab taraqqiyot jamg‘armalari hamda OPЕK jamg‘armasi kiradi. Bunday tuzilma loyiha bilan bog‘liq xavflarni o‘nlab moliyaviy institutlar o‘rtasida taqsimlash imkonini beradi va Yevropa Ittifoqining kengroq mintaqaviy strategiyasiga uyg‘unlashadi. 2025 yil bahorida Samarqandda bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi — Markaziy Osiyo birinchi sammitida Bryussel Global Gateway dasturi doirasida 12 milliard yevrolik investitsiya paketini e’lon qilgan edi. Uning 6,4 milliard yevro qismi energetika, suv resurslari va iqlim sohalariga yo‘naltiriladi.

Rim va Yevropa Ittifoqi uchun Markaziy Osiyodagi eng yirik qurilish loyihasida ishtirok etish nafaqat iqtisodiy, balki geosiyosiy ahamiyatga ham ega. Bu orqali ular Xitoy va Rossiya faol ishtirok etayotgan mintaqada o‘z mavqeini mustahkamlashga intilayotganini ko‘rsatmoqda.

Shunda savol tug‘iladi: nega Tojikiston o‘zining eng yirik qurilish loyihasini mustaqil ravishda moliyalashtira olmayapti? Javob faqat mamlakatning iqtisodiy qashshoqligi bilan izohlanmaydi. Jahon banki tasnifiga ko‘ra, Tojikiston Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng kambag‘al davlat hisoblanadi. Mamlakatda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi milliy daromad yiliga taxminan 1440 dollarga teng. Mamlakatda kapital yarata oladigan yirik ishlab chiqarish bazasi amalda mavjud emas. Iqtisodiyot asosan paxtachilik, alyuminiy sanoati va eng avvalo mehnat migrantlari yuborgan mablag‘larga tayanadi. Xorijdan, birinchi navbatda Rossiyadan keladigan pul o‘tkazmalari 2024 yilda mamlakat yalpi ichki mahsulotining 45–48 foiziga yetgan bo‘lib, bu dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

Boshqacha aytganda, Tojikiston iqtisodiyotining eng yirik «tarmog‘i» — o‘z fuqarolari mehnatini eksport qilishdir. Bunday iqtisodiy tuzilmada davlatning soliq bazasi juda cheklangan bo‘ladi. Shu sababli qiymati 6,3 milliard dollarga baholanayotgan Rog‘un GESi qurilishini yakunlash xarajatlari mamlakatning bir yillik yalpi ichki mahsulotining qariyb yarmiga teng keladi.

Biroq qashshoqlik — nafaqat mavjud holat, balki boshqaruv mahsuli hamdir. 1992 yildan buyon mamlakatni boshqarib kelayotgan Emomali Rahmon Rog‘un GESini milliy g‘oya va o‘z hukmronligining asosiy loyihasiga aylantirdi hamda o‘nlab yillar davomida mamlakatda mavjud bo‘lmagan resurslarni aynan shu loyihaga yo‘naltirdi. Bu jarayonda qo‘llangan usullarni esa majburiylikka yaqin deb baholash mumkin. 2010 yili hukumat Rog‘un GESi aksiyalarini sotish bo‘yicha «xalq IPO»sini e’lon qildi. Budjet tashkilotlari xodimlarining maoshlari qisqartirildi, fuqarolarga aksiya sotib olish bo‘yicha topshiriqlar berildi va shu yo‘l bilan aholidan 184 million dollar yig‘ildi.

O‘n besh yil o‘tgan bo‘lsa-da, ushbu aksiyadorlar haligacha bir somoni ham dividend olmagan. Hukumat mablag‘lar uskunalar xaridiga sarflanganini ta’kidlaydi, yig‘ilgan mablag‘larning bir qismi esa Moliya vazirligi tomonidan yillik 10 foizlik foiz stavkasi bilan beshta tijorat bankiga kredit sifatida berilgan. To‘lovlar faqat oltita gidroagregatning barchasi to‘liq ishga tushirilgandan keyin amalga oshirilishi va’da qilingan — ya’ni bu 2030 yillardan oldin sodir bo‘lmasligi mumkin.

2017 yili Dushanbe Rog‘un loyihasi uchun yana 500 million dollar jalb qildi. Buning uchun mamlakatning ilk yevroobligatsiyalari joylashtirildi. Bu tashqi qarzi yalpi ichki mahsulotining qariyb yarmiga yaqinlashgan davlat uchun qimmat tijorat qarzlanishi edi.

Paradoks shundaki, davlat hatto o‘z energetika sohasidan ham to‘liq daromad ola olmayapti — yana o‘zi yaratgan sabablar tufayli. Energetika sektori surunkali zarar ko‘rib kelayotgan va shaffof bo‘lmagan modeliga ega bo‘lgan davlat xoldingi «Barqi tojik» tomonidan monopollashtirilgan: tariflar past darajada belgilangan, elektr tarmoqlarida yo‘qotishlar katta, qarzlar esa to‘planib qolgan. Tahlilchilarning ta’kidlashicha, hukmron doiralar kelajakda Rog‘un elektr energiyasi eksportini, avvalo, barqaror valyuta manbai sifatida ko‘rmoqda. Biroq 2008 yildan buyon Rog‘un loyihasi qancha budjet va «xalq» mablag‘larini yutib yuborgani bo‘yicha ochiq audit mavjud emas.

Natijada yopiq doira vujudga kelgan: iqtisodiyot kapital yaratmaydi, chunki islohotlar siyosiy maqsadlarga bo‘ysundirilgan ulkan qurilish loyihasiga qaram; ulkan loyiha esa yakunlanmaydi, chunki iqtisodiyot yetarli kapital yarata olmaydi.

2020-yillar o‘rtalariga kelib, Dushanbe ichki moliya manbalarini deyarli tugatdi: aholi aksiyalar orqali allaqachon hissa qo‘shgan, qarz olish imkoniyatlari cheklangan, budjet esa qurilishning qolgan yillari davomida taxminan 2,1 milliard dollargina ajrata oladi. Shuning uchun yagona yo‘l xalqaro donorlarga murojaat qilish qoldi. Bunda Tojikistonga ajratiladigan ayrim grantlar mamlakatning «eng kam rivojlangan davlat» sifatida tasniflanishi tufayligina ochiq bo‘lmoqda. Bu maqom Emomali Rahmon boshqaruvining o‘ttiz yildan ortiq davri yakunlariga ishora qiluvchi muhim ko‘rsatkich sifatida ko‘riladi.