Markaziy Osiyo hududida so‘nggi bir necha yil davomida daryolar oqimi kamayishi, quruqlikdagi suv zaxiralarining qisqarishi va muzliklar massasining sezilarli darajada yo‘qotilishi kuzatilgan. Bu haqda Jahon meteorologiya tashkilotining (JMT) dunyodagi suv resurslarining holatiga bag‘ishlangan hisobotida aytilgan, deb xabar beradi «Aziya-Plyus».
Xalqaro tashkilot tahlilchilari 2021–2025 yillar davridagi suv bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganib, ko‘rsatkichlarni 1991–2020 yillardagi ma’lumotlar bilan taqqoslagan. Ekspertlar bahosiga ko‘ra, so‘nggi yillarda Tojikiston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Afg‘onistondagi suv omborlariga suv kelishi sezilarli darajada kamaygan.
Hisobotda qayd etilishicha, Markaziy Osiyo daryolar oqimi me’yordan past yoki sezilarli darajada past bo‘lgan hududlar ro‘yxatiga kiritilgan. Xususan, mintaqaning asosiy daryo tizimlarini qamrab olgan Orol dengizi havzasida vaziyat ayniqsa og‘irligicha qolmoqda.
Umuman olganda, 2021–2025 yillar davri 1991 yilda kuzatuvlar boshlanganidan buyon daryolar uchun eng quruq davrlardan biri bo‘ldi. JMT ma’lumotlariga ko‘ra, daryo havzalarining qariyb 40 foizida suv oqimi me’yordan past bo‘lgan. Suv havzalarining 36 foizida ko‘rsatkich me’yor darajasida bo‘lgan, atigi 21 foizida esa me’yordan yuqori qayd etilgan.
Daryolar, ko‘llar, suv omborlari, tuproq, qor va muzliklar resurslarini o‘z ichiga oluvchi quruqlikdagi suv zaxiralari bo‘yicha ham Markaziy Osiyoda vaziyat yaxshi emas. Ko‘rsatkich ikkinchi yildirki, me’yordan past yoki sezilarli darajada past darajada qolmoqda. Biroq, bu butun dunyoda kuzatilayotgan tendensiyadir. JMT tahlilchilari o‘rgangan jahon hududlarining 42 foizida shunga o‘xshash vaziyat kuzatilmoqda.
Mintaqadagi muzliklar massasi balansi kuzatuvlar tarixidagi eng salbiy ko‘rsatkichlar uchligiga kirdi. Bu tog‘li hududlarda to‘planganidan ko‘ra ko‘proq muz yo‘qotilganini anglatadi. Shu kabi holat Janubiy Osiyoning g‘arbiy qismida, Rossiya Arktikasida, Islandiyada, Kanadaning g‘arbiy qismi va AQSHda ham qayd etilgan.
2023–2025 yillarda dunyo bo‘yicha muzliklarning umumiy yo‘qotishlari qariyb 1400 gigatonna suvni tashkil etgan.
Shuningdek, so‘nggi besh yilda dunyodagi tog‘ muzliklari dengiz sathidan yuqorida joylashgan muz massasining 6,2 foizini yo‘qotgani qayd etilgan. Vaholanki, Markaziy Osiyodagi daryo havzalari umumiy oqimining yarmidan ko‘pi qor va muz hisobiga shakllanadi.
Tadqiqot natijalarini umumlashtirgan holda, JMT ekspertlari XXI asr oxiriga kelib mintaqa mamlakatlari dunyodagi muzliklardan yozgi suv oqimining eng katta qisqarishlaridan biriga duch kelishi mumkin, degan xulosaga kelgan.
Shu munosabat bilan xalqaro tashkilot barcha davlatlar hukumatlarini vaziyatni birgalikda monitoring qilishni, axborot almashishning yagona standartlari va erta ogohlantirish tizimlarini rivojlantirishga chaqiradi. Bunday mexanizmlar beqaror va oldindan aytib bo‘lmaydigan global suv aylanishiga samarali javob berish uchun zarur.



