Markaziy Osiyoda maishiy zo‘ravonlik markazi

Rossiyalik bloger Qozog‘istondagi maishiy zo‘ravonlik haqida film suratga oldi

Rossiyalik bloger Ilya Varlamov o‘zining YouTube-kanalida Qozog‘istondagi maishiy zo‘ravonlik muammosiga bag‘ishlangan videoni e’lon qildi. Unda Varlamov oilaviy zo‘ravonlik bilan bog‘liq shov-shuvli holatlar haqida hikoya qiladi, jabr ko‘rgan ayollar, huquq himoyachilari va inqiroz markazlari xodimlari bilan uchrashadi. Film boshida bloger Qozog‘istonni «Markaziy Osiyoda maishiy zo‘ravonlik markazi» deb ataydi va so‘nggi yillarda aynan shu yerda keng jamoatchilik e’tiborini tortgan bir qator og‘ir jinoyatlar sodir bo‘lganini ta’kidlaydi.

Film e’lon qilinganidan keyingi birinchi kunning o‘zidayoq yarim milliondan ortiq marta ko‘rilgan. Lenta qahramonlaridan biri Ostona shahrida yashovchi Anar Boranbayeva bo‘ladi. U sobiq turmush o‘rtog‘i tomonidan yillar davomida sodir etilgan oilaviy zo‘ravonlik haqida so‘zlab bergan. Ayolning aytishicha, u sobiq eri bilan to‘qqiz yil birga yashagan. Turmush o‘rtog‘i muntazam ravishda uni kaltaklagan, tahqirlagan va qiynoqqa solgan. Uning ta’kidlashicha, eri to‘rt yoshli qiziga nisbatan zo‘ravonlik qilayotganini ko‘rib qolganidan so‘ng, uydan ketishga qaror qilgan.

Shundan keyin Boranbayeva huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilib, sudning ayblov hukmi chiqarishiga erishgan. Biroq uning so‘zlariga ko‘ra, yaqinlari va tanishlarining bir qismi tomonidan qo‘llab-quvvatlash o‘rniga, qoralash va tanqidlarga duch kelgan.

Film ostidagi YouTube izohlarida, shuningdek, Ilya Varlamovning Threads akkauntida ko‘plab foydalanuvchilar, jumladan erkaklar ham, muallifga minnatdorchilik bildirib, ayollar va bolalarga nisbatan oilaviy zo‘ravonlikni qabul qilib bo‘lmaydigan holat deb hisoblashlarini ta’kidlaydilar.

Shu bilan birga, izohlarning katta qismi zo‘ravonlik muammosining o‘ziga emas, balki mazkur mavzuni aynan rossiyalik bloger ko‘targaniga bag‘ishlangan. Ayrim foydalanuvchilar Varlamovni Rossiyadagi vaziyat haqida emas, balki Qozog‘iston haqida gapirayotgani uchun tanqid qilganlar.