Rossiya migrantlarni yo‘qotmoqdami?

O‘zbekistonliklar endi qayerlarga ishlash uchun ketishmoqda | Bi-bi-si reportaji

2022 yildagi keng ko‘lamli bosqin boshlangunga qadar Rossiya O‘zbekiston fuqarolari uchun asosiy mehnat bozori edi — mamlakatda barcha sohalarda band bo‘lgan bir milliondan ortiq fuqaro yashardi. O‘zbekistonliklar Rossiyaga ko‘pincha oilaviy bo‘lib ishlagani kelishardi: bolalar rus maktablarida o‘qir, keyinchalik esa fuqarolik ham olishardi. Ammo urush bu voqelikni butunlay o‘zgartirdi — Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolarini urushga faol yollash boshlandi, qonunlar keskin qat’iylashtirildi, jamiyatda esa ksenofobiya darajasi oshdi.

Bi-bi-si videolavhasining qahramonlari — farg‘onalik hisobchi Dildora Mo‘minova hamda andijonlik Hamid Azizov bu o‘zgarishlarni o‘z boshlaridan o‘tkazishdi. Ularning har ikkisi ham Rossiyada 20 yildan ziyod mehnat qilib, 2022 yildan keyin ishlash uchun Yevropaga yo‘l oldi.

Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida o‘zbekistonlik migrantlarni nimalar kutmoqda? U yerda mehnat huquqlari buziladimi? Muhojirlar Rossiya va Yevropa o‘rtasida qanday farqlarni ko‘rmoqda? Yevropada ksenofobiya bormi va nimalardan ehtiyot bo‘lish lozim? Rossiyadagi mehnat migratsiyasini qanday kelajak kutmoqda?

Bi-bi-si ushbu savollarga javob izlab, O‘zbekiston va Yevropa davlatlarida bo‘ldi hamda mahalliy aholi, jurnalistlar va tadbirkorlar bilan suhbatlashdi.