O‘zbekiston Adliya vazirligi mamlakatning yangilangan lotin alifbosiga o‘tish tartibini belgilovchi hukumat qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi. O‘zgarishlar hujjatlarni rasmiylashtirish, ta’lim tizimi, ommaviy axborot vositalari, savdo va raqamli xizmatlarni qamrab oladi, deb xabar beradi «Gazeta.uz». Loyiha muhokamasi 6 dekabrga qadar davom etadi.
Hujjatga muvofiq, 2027 yil 22 apreldan boshlab ID-kartalar, xorijga chiqish pasportlari, haydovchilik guvohnomalari, avtotransport texpasportlari va kadastr hujjatlarini yangi harflardan foydalangan holda rasmiylashtirish ko‘zda tutilmoqda. Shu bilan birga, ilgari berilgan hujjatlar o‘z yuridik kuchini saqlab qoladi, eski blankalardan esa 2028 yil 1 yanvargacha foydalanishga ruxsat etiladi. Ism va familiyalarning yozilishidagi tafovutlar davlat xizmatlarini ko‘rsatishni rad etish uchun asos bo‘la olmaydi.
Ta’lim tizimida yangi alifboga o‘tish bir necha yilga cho‘ziladi. 1–11-sinflar uchun darsliklarni 2027–2031 yillarda yangilash rejalashtirilgan bo‘lib, birinchi sinf o‘quvchilari 2027/2028 o‘quv yilidanoq yangi qo‘llanmalar bo‘yicha ta’lim olishni boshlaydilar. Yuqori sinf o‘quvchilari uchun orfografik savodxonlikni baholashda, jumladan, bitiruv va kirish imtihonlarida vaqtinchalik yengilliklar nazarda tutilgan.
Biznes sohasi uchun alohida o‘tish davri belgilangan. 2027 yilning aprelidan 2028 yilning apreliga qadar ishlab chiqaruvchilar mahsulot qadoqlarida eski va yangi yozuvlardan bir vaqtning o‘zida foydalanishlari mumkin bo‘ladi. Shundan so‘ng yangilangan alifbo yangi buyurtma qilinadigan qadoqlar va yorliqlar uchun majburiy etib belgilanadi. Avval tayyorlab qo‘yilgan qadoqlash materiallaridan esa 2029 yilning apreligacha foydalanishga ruxsat beriladi.
Yangilangan alifboga o‘tish shahar muhitini ham qamrab oladi. Hukumat do‘konlar, savdo va xizmat ko‘rsatish korxonalari peshlavhalari, axborot lavhalari, yo‘l ko‘rsatkichlari, bekatlar nomlari va transport obyektlaridagi tablolarni bosqichma-bosqich almashtirish niyatida. Shu bilan birga, barcha ko‘rsatkichlarni zudlik bilan almashtirish nazarda tutilmagan. Geografik nomlar tushirilgan amaldagi ko‘rsatkichlardan ular eskirguncha yoki hukumat dasturida belgilangan muddatlargacha foydalanishga ruxsat etiladi. Tijorat peshlavhalarini yangilashning aniq muddatlari hozircha belgilanmagan.
Loyihada, shuningdek, qonun kuchga kirgach, ommaviy axborot vositalari va nashriyot mahsulotlarini yangilangan alifboga o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Talablar xususiy tahririyatlarga ham taalluqli, biroq ular o‘zbek tilidagi materiallarni kirill yozuvida chiqarishni davom ettirishi mumkinmi-yo‘qmi, bunisi noaniq bo‘lib qolmoqda. Yangi qoidalarga rioya etmaganlik uchun javobgarlik masalasi hujjatda ochiqlanmagan.
O‘zgarishlar bank ilovalari, to‘lov terminallari va davlat axborot tizimlariga ham ta’sir qiladi. Rasmiylar o‘zbek klaviaturasining yagona standartini ishlab chiqish hamda OpenAI, Google, Anthropic, Meta va boshqa texnologik kompaniyalarga sun’iy intellekt tizimlarini yangi imlo qoidalariga moslashtirish taklifi bilan murojaat qilishni rejalashtirmoqda.
Alifboni yangilash to‘g‘risidagi qonunni prezident Shavkat Mirziyoyev 2026 yil 21 oktyabrda imzoladi. «Farg‘ona» ilgari yozganidek, o‘zbek tilining lotin yozuviga o‘tishi hali 1993 yildayoq boshlangan edi. Oradan ikki yil o‘tib, dastlabki alifboga o‘zgartirish kiritilib, diakritik belgili qator harflar lotin harflari va belgilar birikmasi bilan almashtirilgan edi. Navbatdagi islohot O‘, G‘, Sh va Ch o‘rniga to‘rtta alohida — Ö, Ğ, Ş va Ç harflarini qaytarmoqda. Yangilangan alifbo 28 ta harf va bitta tutuq belgisidan iborat bo‘ladi. Qonun 2027 yil 22 apreldan kuchga kiradi.



