S&P Global O‘zbekistonning suveren kredit reytingini rekord darajaga ko‘tardi

Foto: reuters.com

S&P Global Ratings xalqaro agentligi O‘zbekistonning suveren kredit reytingini «barqaror» kutilma bilan «BB+» darajasigacha ko‘tardi. Bu haqda Markaziy Osiyo respublikasi Prezidenti Administratsiyasi (PA) rahbari Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu mamlakat tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.

«BBB- investitsiya darajasigacha atigi bir pog‘ona qoldi», — deya ta’kidlaydi Mirziyoyeva.

Reytingning oshirilishi iqtisodiy islohotlar, muvozanatli moliyaviy siyosat hamda respublika rahbari Shavkat Mirziyoyevning strategik yo‘li natijasi bo‘ldi. Shuningdek, agentlik O‘zbekiston ishchi guruhi tahlilchilar bilan islohotlar natijalarini ochiq va atroflicha muhokama qilgani hamda S&P Global vakillarining savollariga tezkorlik bilan javob berganini alohida qayd etdi, deb yozаdi PA rahbari.

«Biz investorlarning O‘zbekistonga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlash va sarmoya kiritish uchun qulay sharoit yaratishda davom etamiz», — deya ishonch bildirdi Mirziyoyeva.

Shu bilan birga, reyting agentligi qayd etishicha, o‘zgarishga Markaziy Osiyo respublikasining budjeti va to‘lov balansi yanada barqarorlashgani ham ta’sir ko‘rsatdi. Bu asosan korxonalar va energetika sohasidagi islohotlar, shuningdek, yalpi ichki mahsulotning (YaIM) qayta hisoblab chiqilishi bilan bog‘liqdir. Bundan tashqari, so‘nggi bir necha yil ichida valyuta zaxiralari sezilarli darajada oshdi, garchi bu o‘sishning asosiy omillaridan biri jahon bozorida oltin narxining rekord darajaga yetgani bo‘lsa ham.

S&P Global O‘zbekiston iqtisodiyotidagi bir nechta zaif jihatlarni ham sanab o‘tdi. Ular qatorida aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YaIMning pastligi ($5200), qimmatbaho metallar narxiga qaramlik, transchegaraviy pul o‘tkazmalari orqali Rossiya bilan mustahkam aloqalar, savdo hamda ikkilamchi sanksiyalar xavfi mavjud.

Shu bilan birga, agar hukumat budjet taqchilligini hamda davlat korxonalarini g‘azna hisobidan kreditlashni kamaytirsa, respublika reytingi yanada ko‘tarilishi mumkin.

Qayd etilishicha, «katta uchlik»ka kiruvchi qolgan ikki agentlik reytinglari hozircha bir pog‘ona pastda turibdi. Xususan, Fitch O‘zbekistonga «ijobiy» kutilma bilan «BB», Moody’s esa «barqaror» istiqbol bilan «Ba2» reytingini belgilagan.