Tog‘da o‘smir halok bo‘lganidan so‘ng ishdan bo‘shatilgan Qirg‘iziston FVV xodimi hibsga olindi

Azis Egemberdiyev. akipress.org saytidan olingan surat

Qirg‘iziston Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV) huzuridagi Inqirozli vaziyatlarda boshqarish markazining sobiq rahbari Azis Egemberdiyev 2027 yil 13 yanvargacha qamoqqa olindi. Bu haqda tegishli qarorni Bishkekning Birinchi may tuman sudi qabul qildi, deb xabar beradi «AKIpress».

Shu tariqa, ehtiyot chorasini belgilagan sud instansiyasi tergov guruhi rahbarining iltimosnomasini qanoatlantirdi. Shuningdek, Egemberdiyev respublika Jinoyat kodeksining 337-moddasi 2-qismi («Mansab vakolatini suiiste’mol qilish») bo‘yicha jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgani ma’lum bo‘ldi.

FVV Inqiroz markazi rahbari 11 noyabr kuni Ola-Archa tog‘larida adashib qolib, qutqaruvchilar yordamini kutib topolmagan 14 yoshli Amir Kunakunov bilan bog‘liq fojiadan so‘ng ishdan bo‘shatilgan edi.

Biroq, tuman sudi matbuot xizmati keyinroq aniqlik kiritishicha, Egemberdiyev o‘smirning o‘limi bilan bog‘liq bo‘lmagan ish bo‘yicha javobgarlikka tortilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kunakunov bilan yuz bergan fojiali hodisadan so‘ng, FVVdan Qutqaruvchilarni tayyorlash davlat markazi rahbari Tinarbek Murashov va vazir o‘rinbosari Almazbek Asanov ham ishdan bo‘shatilgandi. Darvoqe, Asanovning o‘rniga yangi rahbar topildi — 23 noyabr kuni vazirlik ushbu lavozimni endi Zamirbek Nadirbekov egallaganini ma’lum qildi.

FVV rahbari Kanatbek Chinibayev o‘z lavozimini saqlab qoldi, ammo mamlakat prezidenti Sadir Japarovdan hayfsan oldi.

14 yoshli o‘smir bilan bog‘liq fojia 7 noyabr kuni yuz bergan. Tog‘dan tushayotganda adashib qolganini tushungan Amir Kunakunov favqulodda xizmatlarning yagona raqamiga qo‘ng‘iroq qilgan. FVV xodimlari geolokatsiya orqali bolaning aniq turgan joyini aniqlagan. Biroq navbatchi qutqaruvchilar guruhiga ma’lumot kech — yordam so‘rab qilingan qo‘ng‘iroqdan uch soat o‘tib yetkazilgan. Vazirlik bu kechikishni tog‘li hududda uyali aloqa yo‘qligi bilan izohladi.

Qidiruv operatsiyasi keyingi ikki kun davomida davom etgan. 9 noyabr kuni Amirning jasadi Elektro cho‘qqisi yaqinidan topilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, o‘smirning o‘limiga sovuq qotish sabab bo‘lgan.