To‘qayev masjidlar o‘rniga kutubxonalar qurishni taklif etdi va TikTok miyani zaiflashtirishini ma’lum qildi

Qosim-Jo‘mart To‘qayev va Vladimir Putin. akorda.kz saytidan olingan surat

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev yoshlarni kitobxonlikka o‘rgatish maqsadida mamlakatda masjidlar o‘rniga kutubxonalar qurish zarurligini ta’kidladi, deb xabar beradi «Interfaks».

«Bir paytlar bizda masjid qurish urf bo‘lgandi, men esa kutubxonalar qurish lozim deb hisoblayman», — dedi u Moskvadagi «Sun’iy intellekt olamiga sayohat» konferensiyasida maktab o‘quvchilari hamda talabalar bilan bo‘lgan uchrashuvda.

Markaziy Osiyo respublikasi yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, tez orada Ostona va Olmaotada kechayu kunduz ishlaydigan prezident kutubxonalari o‘z eshiklarini ochadi.

«Nima bo‘lganda ham yoshlarni mutolaaga odatlantirmoqchiman», — dedi To‘qayev hamda tanqidiy tafakkurni shunchaki «tugmachalarni bosish» orqali shakllantirib bo‘lmasligini qo‘shimcha qildi.

«Bularning barchasiga faqat mutolaa yo‘li bilan erishish mumkin. Axir kitob o‘qishni hali hech kim bekor qilgani yo‘q. Menga: “Nimalar deyapsiz, sun’iy intellekt davrida “Urush va tinchlik”ni, “Bahor toshqinlari”ni yoki Chexov pyesalarini o‘qish — umuman tushunarsiz hol”, deyishadi. Men esa buning aksini ta’kidlayman. Darvoqe, bir tajriba o‘tkazildi: ChatGPT’dan “Urush va tinchlik” haqida so‘rashganda, u hozir urf bo‘lganidek summary — atigi 25 sahifalik qisqa mazmunini taqdim etdi. Undan: “Axir bu asar 600 betdan iborat, “Urush va tinchlik” emas-ku?”, deb so‘ralganida, u — qolgani muhim emas, deya javob berdi. Bu esa, ochig‘ini aytsam, xavfli darajadagi soddalashtirishdir», — deya fikr bildirdi davlat rahbari.

Muloqot davomida To‘qayev ijtimoiy tarmoqlarning yoshlarga ko‘rsatayotgan ta’siriga ham to‘xtalib o‘tdi. Xususan, u TikTok’ni «inson miyasini o‘ldiradigan dahshatli narsa» deb atadi.

«Hozir hamma smartfondan foydalanadi, ammo negadir uni faqat qo‘ng‘iroqlar, yozishmalar, ehtimol qandaydir filmlar ko‘rish… va TikTok uchun mo‘ljallangan deb o‘ylashadi. TikTok esa — bu inson, ayniqsa, yoshlar miyasini mahv etadigan dahshatli narsadir», — deya To‘qayevning so‘zlarini keltiradi RIA Novosti.

Shu bilan birga, prezident internet tarmog‘i mavjud bo‘lsa, hatto qishloq joylarda ham smartfon yordamida daromad topish mumkinligini ta’kidladi. Uning fikricha, bu kabi imkoniyatlarni o‘rganish aholiga mustaqil pul ishlash hamda hukumat qarorlariga qaram bo‘lib qolmaslik imkonini beradi.

Qozog‘iston yetakchisi Rossiya prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan 25–26-noyabr kunlari amaliy tashrif bilan Moskvada bo‘ldi. Safar doirasida Kremlda muzokaralar bo‘lib o‘tdi (shu jumladan yetakchilarning norasmiy uchrashuvi ham tashkil etildi), 26-noyabr kuni esa To‘qayev Putin bilan birgalikda «Sberbank» tomonidan uyushtirilgan AI Journey 2026 xalqaro sun’iy intellekt konferensiyasida ishtirok etdi.